18:20 / 21.05.2017
19876

«Biz buni to‘xtatib qolishimiz mumkin». Trampning sammitdagi nutqidan parchalar

Foto: Reuters

AQSh prezidenti Donald Tramp 21 may kunini Fors ko‘rfazi davlatlari rahbarlari bilan kichik sammitdan keyin boshlangan arab-musulmon mamlakatlari va AQSh sammitida ishtirok etdi. 

U musulmon mamlakatlarni terrorizmga qarshi kurashishda AQSh bilan hamkorlik qilishga chaqirgan. Oq uy uning sammit qatnashchilari qarshisida qilgan chiqishidan parchalar e'lon qilgan.

«Biz agar ezgulik kuchlarini birlashtirsak, shu yerda yig‘ilgan barcha o‘z ulushini qo‘shsa, bu yovuzlikni to‘xtatib qolishimiz mumkin.

Bizning maqsad — millatlar koalitsiyasi, qaysiki, ekstremizmni yakson qiluvchi va bolalarimizning tinch kelajagini ta'minlovchi koalitsiya», deyilgan Trampning nutqida.

Shu bilan birga Tramp begunoh insonlarni o‘ldirayotgan terrorchilar buni Alloh nomi bilan qilayotganini aytib, «dindorlarning tuyg‘ularini haqoratlayotgani»ni qayd etib o‘tgan.

«Bu turli dinlar, turli sektalar yoki turli sivilizatsiyalar urushi emas. Bu insoniy hayotni yo‘q qilmoqchi bo‘layotgan vahshiylar va yerdagi hayotni saqlab qolishni istaydigan boshqa barcha kishilar o‘rtasidagi kurashdir», — degan amerikaliklar yetakchisi o‘z chiqishida.

U shuningdek, AQSh Yaqin Sharqdagi muammolarni harbiy kuch ishlatish yo‘li bilan hal etish tarafdori emasligini ta'kidlagan.

«Bizning hamkorligimiz radikal vayronkorliklar bilan emas, tinch yo‘l bilan barqarorlikni ta'minlashga erishishdir... Bu yerda biz birdaniga aralashishimiz emas, bosqichma-bosqich islohotlar amalga oshirishimiz kerak», —  degan u.

«Yaqin Sharq mamlakatlari AQSh ular uchun dushmanlarini mag‘lub etib berishini kutib o‘tira olmaydi. Yaqin Sharq mamlakatlari o‘z kelajaklari qanday kechishini o‘zi hal qilishi kerak», —  degan Tramp.

Uning ma'lum qilishicha, AQSh bu mintaqa davlatlariga o‘z irodasini o‘tkazmoqchi emas.

«Biz bu yerga ma'ruza qilish, odamlarga qanday yashash, nima qilish, kim bo‘lish yoki qanday ibodat qilishni o‘rgatish uchun kelmadik. Biz bu yerdagilarga hamkorlik taklif etamiz, bu hamkorlik umumiy manfaatlar va qadriyatlar asosiga quriladi», —  degan AQSh prezidenti.

Tramp shuningdek, musulmon mamlakatlarini diskriminatsiyaga qarshi kurashishga chaqirgan. 

«Birinchi navbatda terrorchi guruhlarni ilhomlantirayotgan ekstremizm g‘oyalariga qarshi kurashmoq darkor. Bu esa bir vaqtning o‘zida begunoh kishilarni o‘ldirish, ayollarni tahqirlash, yahudiylarni ta'qib etish va xristianlarni so‘yishga qarshi kurashish demakdir», —  degan Tramp.

Mavzuga oid
Top