12:26 / 22.05.2017
14508

Imomali Rahmon: musulmonlarga nisbatan toqatsizlikka ekstremistlar aybdor

Foto: Asia-Plus

AQSh va arab-musulmon davlatlari birinchi sammitidagi chiqishida, Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon bugungi kunda terrorizm va ekstremizmning mislsiz g‘alayoni ulkan global tahdidga aylanib, uzoq muddatli fojiali ijtimoiy-siyosiy va ma'naviy oqibatlarga olib kelishi muqarrar, degan. Bu haqda «Aziya-plyus» Tojikiston yetakchisi matbuot xizmati xabariga asoslanib xabar tarqagan

Tojikiston yetakchisining fikricha, bunday voqelik jahonning barcha davlatlarini «terrorizmning siyosiy, harbiy va moliyaviy ko‘makchilari manbasini axtarib topish va ildizi bilan qo‘porib tashlashning ta'sirli choralarini izchillik bilan axtarib topish»ga undaydi.

«Ushbu yo‘nalishda so‘nggi 25 yil ichida yuzlab mintaqaviy va xalqaro forumlar chaqirildi, ko‘plab deklaratsiyalar qabul qilindi, lekin ko‘zlangan natijalarga erishilmadi. Bizning fikrimizcha, «ikki xil standartlar» siyosatini qo‘llash kelishilgan choralarni keng miqyosda amalga oshirish uchun to‘siq bo‘layotgan omillardan biridir», — dedi Imomali Rahmon.

Tojikiston prezidentining qayd etishicha, ekstremistik va terroristik intilishlarga turlicha yondashuvlar natijasi o‘laroq, radikal guruhlar jamoatchilik fondlari va tashkilotlari hamda boshqa tomonlarning siyosiy-informatsion va moliyaviy madadidan foydalanib kelishmoqda.

«Oqibatda, terrorizm va ekstremizm tarqalish geografiyasini yanada qo‘rqinchli shaklda kengaytirib oldi», — dedi Imomali Rahmon.

Tojikiston prezidentining so‘zlariga ko‘ra, bu tahdidlar butun bir davlatlarning yo‘q bo‘lib ketishiga, yuz minglab insonlarning o‘limiga va tiklanmas vayronagarchiliklarga olib kelishi mumkin.

«Shuningdek, bu jarayonda Islomdek muqaddas dinni siyosiylashtirish, uning pok nomini suiiste'mol qilishga urinish ham xatarli tus olayotgani kishini tashvishlantiradi. Ekstremistik va terrorchilik guruhlari jahonning turli mintaqalarida jaholat va diniy-etnik mojarolar urug‘ini sochib, islom dini va musulmonlarga toqatsizlik paydo bo‘lishiga sabab bo‘lishdi», — dedi Tojikiston yetakchisi. 

«Men bir necha bor takrorlaganman va yana bir karra ta'kidlab o‘tishim kerakki, terrorchilar va ekstremistlarning vatani ham, millati ham, dini ham bo‘lmaydi», — dedi Imomali Rahmon.

Ar-Riyodda o‘tayotgan mintaqaviy sammitda ishtirok etgan AQSh prezidenti Donald Tramp yakshanba kuni o‘nlab musulmon davlatlari yetakchilari oldida chiqish qilib, «ezgulik va yovuzlik» o‘rtasidagi kurash haqida borayotganini ta'kidlab, musulmon olamini terrorchilikka qarshi kurash uchun birlashishga chaqirdi.

Sammit qatnashchilariga murojaat qilar ekan, Tramp o‘zi bilan Amerika Qo‘shma Shtatlaridan umid va mehr nomasi keltirganini aytib o‘tdi. Trampning ta'kidlashicha, uning prezident sifatida ilk xorijiy safari aynan Saudiya Arabistonidan boshlangani ham shundan dalolat berib turibdi.

Qon to‘kilishi va terror Yaqin Sharq mintaqasining istiqboldagi taraqqiyotiga to‘siq bo‘ladi, dedi prezident Donald Tramp.

Top