17:42 / 23.05.2017
5406

O‘tgan hafta soliq qonunchiligini buzgan 2 mingdan ortiq shaxs ma'muriy javobgarlikka tortildi

Foto: Fotolia

Davlat soliq xizmati organlarida faoliyat ko‘rsatayotgan «Ishonch telefon»lari orqali o‘tgan hafta davomida jami 195 ta, shundan 6 ta yuridik va 189 ta jismoniy shaxslarning murojaatlari qabul qilindi. Bu haqda Kun.uz’ga Davlat soliq qo‘mitasi axborot xizmati xabar bergan.

Bundan tashqari, o‘tgan hafta davomida joylarda nazorat-kassa mashinasi va to‘lov terminalidan foydalanmaslik hamda tushumlarni bank kassalariga to‘liq topshirmaslik holatlari bo‘yicha 429 ta tekshirish o‘tkazilib, ularning barchasida qoidabuzarlik holatlari aniqlandi.

O‘tkazilgan tekshirishlarning aksariyatida savdo va pullik xizmat ko‘rsatish sub'yektlari tomonidan nazorat-kassa mashinasini qo‘llamasdan tovarlar sotish va xizmatlar ko‘rsatish, tushumlarni bank kassalariga topshirmasdan yashirish, to‘lov shaklidan kelib chiqib, narxlarni sun'iy ravishda oshirish yoki pasaytirish, hisob-kitob terminalidan foydalanish qoidalarini buzish, shuningdek, hech qanday hujjatlarsiz tovarlarni noqonuniy sotish kabi aniqlangan holatlarga nisbatan tegishli choralar ko‘rilmoqda.

O‘tkazilgan soliq nazorati natijalariga ko‘ra, o‘tgan hafta davomida soliq qonunchiligini buzgan 2037 nafar shaxs ma'muriy javobgarlikka tortilgan.

Shu jumladan:

- binoni, inshootni yoki ularning bir qismini, turar joyni notarial tasdiqlangan shartnomasiz ijaraga yoki tekin foydalanishga bergan 37 nafar;

- uy-joyga doir mulk huquqini ko‘chmas mulkka bo‘lgan huquqlarni davlat ro‘yxatidan o‘tkazishni amalga oshiruvchi organlarda o‘z vaqtida rasmiylashtirmagan 193 nafar;

- daromadlar to‘g‘risida deklaratsiyani soliq organiga o‘z vaqtida taqdim etmagan 213 nafar;

- noqonuniy tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullangan 81 nafar;

- avtomobil transportida yo‘lovchilar tashish faoliyati bilan litsenziyasiz shug‘ullangan 391 nafar fuqarolar;

- savdo va xizmat ko‘rsatish qoidalarini buzgan 430 nafar;

- soliq hisobotini soliq organiga o‘z vaqtida taqdim etmagan 315 nafar;

- debitorlik qarzi muddatlari o‘tkazib yuborilgan korxonalarning 36 nafar;

- soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlarni to‘lash uchun to‘lov topshiriqnomasini xizmat ko‘rsatayotgan bankka o‘z vaqtida taqdim etmagan 106 nafar mansabdor shaxslar ma'muriy jazoga tortilgan.

O‘tkazilgan nazorat tadbirlari davomida soliqqa oid huquqbuzarlikni birinchi marta sodir etib, uning oqibatlarini aniqlangan paytdan boshlab o‘ttiz kunlik muddat ichida bartaraf etgan hamda soliqlar va boshqa majburiy to‘lovlar, shu jumladan, penyalar va boshqa moliyaviy sanksiyalar tarzida davlatga yetkazilgan zararning o‘rnini to‘liq qoplagan 1110 ta tadbirkorlik sub'yektining mansabdor shaxslari va yakka tartibdagi tadbirkorlar ma'muriy javobgarlikdan ozod etildi.

Shuningdek, noqonuniy tadbirkorlik faoliyatini birinchi marta sodir etib, huquqbuzarlik aniqlangan paytdan boshlab o‘ttiz kunlik muddat ichida tadbirkor sifatida davlat ro‘yxatidan o‘tgan va davlatga yetkazilgan zararning o‘rnini to‘liq qoplagan 97 nafar jismoniy shaxs ham sudlar tomonidan ma'muriy javobgarlikdan ozod etilgan.

Mavzuga oid
Top