09:15 / 24.05.2017
6699

Nima uchun JSST bosh direktori etib afrikalik saylandi?

Foto: EPA/VALENTIN FLAURAUD

Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining yangi bosh direktori etib Efiopiya sog‘liqni saqlash vazirligi sobiq rahbari Tedros Adanom Gebreisus saylandi. Bu qaror seshanba kuni, Jahon sog‘liqni saqlash tashkilotining Jyenevadagi 70-sessiyasida qabul qilindi.

JSST rahbarligini egallagan ilk afrikalik

JSSTga ilk bor Afrika davlati vakili rahbar bo‘ldi. U besh yil davomida tashkilotni boshqaradi. Tashkilot maqsadi esa “barchani eng yuqori sog‘liqni saqlash darajasi bilan ta'minlash”. Tedros Adanom Gebreisusga qadar tashkilotni kanadalik, braziliyalik, daniyalik, yaponiyalik, norvegiyalik, janubiy koreyalik, shvetsiyalik va xitoylik boshqargan.

Tedros Adanom Gebreisus Eritreya poytaxti va Londonda tahsil olgan, “Jamoat sog‘lig‘ini saqlash” mutaxassisligi bo‘yicha fan doktori unvoniga ega. 2005-2012 yillarda Efiopiya sog‘liqni saqlash vaziri bo‘lgan, 2016 yilga qadar esa ushbu davlat TIV rahbari sifatida ishlagan.

U saylanganidan so‘ng chiqish qilib, barchaga minnatdorlik bildirdi hamda bosh direktor lavozimi uchun kurash olib borgan raqobatchilari bilan ishlashda davom etishini aytdi. "Dunyoga barcha uch kishi kerak, shuning uchun biz birgalikda ishlaymiz", - dedi u. Gebreisusning ta'kidlashicha, dunyo go‘zalligi va uning xilma-xilligini hurmat qilish juda muhim.

"Kishilar ularni o‘qitishlarini istashmaydi, ular o‘zlarini tinglashlarini xohlashadi", - deya qo‘shimcha qilib o‘tdi u. U kelajakdagi asosiy ustuvor vazifasi sifatida “barcha davlatlarni maksimal darajada samarali sog‘liqni saqlash tizimi bilan qamrab olish”ni e'tirof etdi.

Bosh direktor – JSSTdagi eng katta ma'muriy va texnik lavozimga ega shaxsdir. U tashkilotning sog‘liqni saqlash sohasidagi xalqaro faoliyatini nazorat qiladi. Amaldagi saylovlarga e'tibor juda katta bo‘ldi, sababi JSST rahbari roli an'anaviy ravishda ancha yuqori baholanadi. Uning xatti-harakatlariga jahon sog‘liqni saqlash sohasi oldida turgan ko‘plab chaqiriqlar bilan kurash natijadorligi bog‘liqdir.

Buni JSSTni o‘tgan 10 yil davomida boshqargan Margaret Chen ham isbotlab berdi. Bu vaqt davomida Ebola virusi tufayli paydo bo‘lgan kasallik, Zika bezgagi va boshqa qator xavfli xastaliklar ommaviy ravishda tarqaldi. Ularni tezkorlik bilan bartaraf etish uchun kuch va mablag‘larni safarbar qilish lozim bo‘ldi.

Boshqa nomzodlar

JSST delegatlari ilk bor uch nomzoddan birini bosh direktorlikka tanlashdi. Tedros Adanom Gebreisusdan tashqari ro‘yxatda britaniyalik Devid Nabarro va pokistonlik Sanya Nishtar ham bor edi. Avvaliga nomzodlar soni oltita edi, biroq JSST Ijro qo‘mitasi a'zolari bilan suhbatdan so‘ng ularning soni uch nafarga qisqardi.

Nabarro Oksford universitetini tamomlagan; reproduktiv endokrinologiya sohasidagi mutaxassis sanaladi; 1998 yildan beri London shifokorlar Qirollik kollejining haqiqiy a'zosi. 1999 yildan beri BMT va JSSTda turli lavozimlarda ishlab keladi, 2016 yildan BMT bosh kotibining barqaror taraqqiyot sohasidagi maxsus maslahatchisi.

Nishtar 1963 yilda Peshovarda tug‘ilgan, Xayberg tibbiyot kollejini tamomlagan, 2002 yilda London Qirolli kollejida tibbiyot doktori unvonini oldi, 2005 yildan beri London shifokorlar Qirollik kollejining haqiqiy a'zosi. 2013 yilda Pokiston hukumatida federal vazir lavozimini egallagan, JSST ishchi guruhlari va komissiyalarda katta tajribaga ega.

Saylovlar nomzodlarning dasturlari taqdimoti bilan boshlandi. So‘ngra yopiq rejimda ovoz berish jarayoni o‘tkazildi, bunga to‘rt soat vaqt talab etildi. Saylanish uchun ovozlarning uchdan ikki qismini olish lozim edi. Yakunda bir necha raunddan so‘ng Adanom Gebreisus g‘alaba qozondi.

"Quloq tutamiz..."

Yangi bosh direktorni JSSTning turli mintaqalar vakillari iliq kutib olishdi. Xususan, Jazoir vakilining ta'kidlashicha, a'zo davlatlar JSSTdan “sog‘liqni saqlash va moliyalarni boshqarish sohasida yetakchi pozitsiyalarni egallash”ga imkon beruvchi aniq xatti-harakatni kutmoqda, bu resurslarni oshirish va favqulodda vaziyatlar bilan kurashda yordam beradi. "Yuqumli va yuqumli bo‘lmagan kasalliklardan aziyat chekuvchi olis hududlarga alohida e'tibor qaratish lozim", - deya ta'kidlab o‘tdi jazoirlik delegat.

Amerika davlatlari nomidan chiqqan Ekvador vakili esa, kamsitishning barcha ko‘rinishlari bilan kurashga ko‘proq ahamiyat berish kerakligini qayd etdi. Dunyodagi barcha ehtiyojmand bolalarni dori-darmonlar bilan ta'minlash kerak, deya ta'kidlab o‘tgan u.

Sharqiy O‘rta Yer dengizi davlatlari nomidan chiqish qilgan Marokash delegati, yangi bosh direktor sa'y-harakatlari bu mintaqada sog‘liqni saqlash masalasiga ko‘mak ko‘rsatishga qaratilishiga umid bildirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, alohida e'tibor tashxis va profilaktikaga qaratilishi, hamda JSST mintaqaviy byurosini mustahkamlash lozim.

Yevropa mintaqasidan chiqish qilgan Turkiya vakili tashkilot yangi rahbarining professionalligini ta'kidlab o‘tdi. "Biz sizning fikringizga har doim ham qo‘shilmaymiz, biroq sizga quloq tutamiz", - dedi u. Delegatning eslatishicha, xavfli kasalliklar tarqalishiga javoban samarali javob dasturlarini ishlab chiqish va sog‘liqni saqlash sohasidagi uzoq muddatli vazifalarga e'tibor qaratish lozim.

Indoneziya vakili Janubiy-Osiyo mintaqasi davlatlari nomidan chiqish qilar ekan, sessiya ishtirokchilari e'tiborini rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlar sog‘liqni saqlash xizmatlari darajasi o‘rtasidagi farqqa qaratdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bu muammo barqaror rivojlanish Maqsadlarini amalga oshirish yo‘lida g‘ovdir.

Tinch okeanining G‘arbiy qismi davlatlari nomidan esa yaponiyalik delegat chiqish qildi. U Tedros Adanom Gebreisus "bu lavozimni halol yo‘l bilan egallaganini" ta'kidlab o‘tdi. Barqaror rivojlanish Maqsadlari va dunyoda sog‘liqni saqlash tizimini mustahkamlashga e'tibor qaratish lozim, dedi u.

Faxriy prezident

Iyun oxirida JSST rahbari lavozimidagi 10 yillik faoliyatini yakunlaydigan Margaret Chen JSST Faxriy bosh direktori lavozimiga loyiq topildi. Delegatlar tomonidan qabul qilingan rezolyutsiyada aytilishicha, "Margaret Chenga 2007-2017 yillarda JSSTni juda murakkab davrda, yaxshi darajada boshqargani uchun chuqur minnatdorlik bildiriladi". Uning tashkilot samaradorligi va oshkoraligini oshirish, sog‘liqni saqlash sohasini rivojlantirishdagi sa'y-harakatlari alohida qayd etildi.

Kelajakdagi rejalar

22 may kuni boshlangan va 31 mayga qadar davom etadigan ushbu sessiya davomida, qator rezolyutsiyalar qabul qilinadi, sog‘liqni saqlash sohasidagi dolzarb vazifalar bo‘yicha kelishuvlar va global rejalar imzolanadi. O‘z yechimini kutayotgan dolzarb vazifalar orasida: yuqumli bo‘lmagan kasalliklar profilaktikasi, vaksinalar yetishmovchiligi, mikroblarga qarshi preparatlarga bardoshlilik bilan kurash, kadr resurslarini rivojlantirish, ayollar, o‘smirlar sog‘lig‘i muammolari, jamoat sog‘lig‘ini saqlash va boshqalar bor.

O‘zbekiston Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shodmonov JSST yangi bosh direktori bilan
Mavzuga oid
Top