19:27 / 24.05.2017
7524

Tashkilotlar rahbarlariga o‘zlariga qarashli hududlarda yong‘in xavfsizligi bo‘yicha shaxsiy javobgarlik yuklatildi

Foto: O‘zA

O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Ichki ishlar organlarining yong‘in xavfsizligi bo‘linmalari faoliyatini tubdan takomillashtirish to‘g‘risidagi qarorni imzoladi.

Ushbu hujjatga muvofiq yong‘in xavfsizligini barcha darajada ta'minlashga doir faoliyatni takomillashtirish maqsadida:

davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, shuningdek, joylardagi davlat hokimiyati organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va boshqa tashkilotlar rahbarlari zimmasiga ularga qarashli obektlar va hududlarda yong‘in xavfsizligi talablariga rioya etish bo‘yicha shaxsiy javobgarlik yuklatildi;

yuqorida qayd etilgan mansabdor shaxslar har chorakda o‘zlariga qarashli obekt va hududlardagi yong‘inga qarshi holatni tanqidiy tahlil qilishi zarurligi belgilandi. 

Qarorda haftaning har chorshanba kuni "Yong‘inlar profilaktikasi kuni" deb belgilandi va Davlat yong‘in xavfsizligi xizmatiga quyidagi asosiy vazifalar yuklandi:

barcha darajadagi hokimlar bilan birgalikda yuz bergan katta yong‘inlar sabablari va ularning paydo bo‘lishiga olib kelgan sharoitlarni chuqur va tanqidiy tahlil qilish va ushbu tahlil yakunlari bo‘yicha yong‘inlarning oldini olishga qaratilgan "Yo‘l xaritalari" tasdiqlanadi; 

davlat ahamiyatiga ega alohida obektlarda yong‘in xavfsizligini mustahkamlash, shuningdek, yong‘in-taktik o‘quv mashg‘ulotlar va ushbu obektlar rahbarlari o‘rtasida tushuntirish ishlarini tashkil etishga doir kompleks tadbirlar o‘tkazish;

markaziy va viloyat telekanallarida yong‘inlar bilan bog‘liq hodisalarni yoritish bo‘yicha maxsus axborot ko‘rsatuvlarini, shuningdek, yong‘in sodir bo‘lgan joylardan va ularni bartaraf etish bo‘yicha ko‘rilayotgan chora-tadbirlar haqida tezkor reportajlar tayyorlab efirga uzatish.

Mazkur qarorga binoan Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, Toshkent shahri, shahar va tumanlar hokimliklari huzurida yong‘in xavfsizligi bo‘yicha komissiyalar tashkil etilishini alohida ta'kidlash zarur.

Yong‘in xavfsizligini ta'minlash, yong‘in sodir bo‘lishiga olib keladigan sabab va sharoitlarni aniqlash va bartaraf etish, yong‘inlarning oldini olish sohasida davlat organlari, tadbirkorlik sub'yektlari va fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari faoliyatini muvofiqlashtirish, qishloq joylarda va olis aholi punktlarida ko‘ngilli yong‘in bo‘linmalarini tashkil qilishga ko‘maklashish va ularni moddiy va ijtimoiy rag‘batlantirish komissiyalarning asosiy vazifalari hisoblanadi. 

Mavzuga oid
Top