19:40 / 25.05.2017
5884

Mail.Ru Group yangi messenjerni ishga tushirmoqda

Mail.Ru Group TamTam xabarlar almashish bo‘yicha mobil ilovani ishga tushirdi. Yangi ilova telefondagi raqamlar bilan muloqot qilish va Mail.Ru Group loyihalarining millionlab foydalanuvchilari orasidan do‘stlar topish imkonini beradi. Bu haqda Kun.uz’ga “Odnoklassniki” matbuot xizmati xabar qildi.

Messenjerdan butun dunyo bo‘ylab Android va iOS’dagi smartfonlar egalari foydalanishi mumkin. Ilova Odnoklassniki ijtimoiy tarmog‘ining “OK Soobshcheniya” messenjeri negizida ishlab chiqilgan va uni ilovalar do‘konida almashtiradi.

TamTam yordamida shaxsiy xabarlar va guruh chatlarida yozishish, gif-animatsiyaga ega stikerlar bilan bo‘lishish, fotosuratlar, video va audioyozuvlar yuborish mumkin. Ilova past internet-ulanishda ham barqaror ishlaydi, shuningdek, xabarlarni oflayn-rejimda ham yuborish mumkin – bu holatda xabarlar internetga ulanganda avtomatik tarzda yuboriladi.

Aytilishicha, messenjer bepul va reklamasiz bo‘ladi.

Mavzuga oid
Top