17:33 / 25.05.2017
26369

Turkiya vaziri O‘zbekistonda viza masalasini ko‘tardi

Turkiya Respublikasi iqtisodiyot vaziri Nixat Zeybekchi 25 may kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha IV Hukumatlararo komissiya yig‘ilishida o‘z nutqini mamlakatimiz haqida iliq fikrlar bildirish bilan boshladi: 

"To‘g‘risini aytganda, ota yurtimiz O‘zbekistonga kelib, charchoqlarimiz chiqib ketdi, bu yerga yana kelishni maqsad qildim. Bunday samimiy mehmondorchilik uchun minnatdorchilik bildiraman". 

Shundan so‘ng Zeybekchi maqsadga o‘tdi, uning so‘zlariga ko‘ra, iqtisodiy sohada xatolarga yo‘l qo‘yib bo‘lmaydi, zero bu sohadagi xatolar kechirilmaydi. Siyosiy aloqalar rivoji iqtisodiy va tijoriy aloqalar rivojiga bog‘liq. U tomonlar tez-tez uchrashib turishi kerakligini ta'kidladi. 

"Investitsiyalarga oid masalalarni tezroq hal qilish kerak. Davlat rahbarlarimiz uchrashishidan avval taxminan iyun-iyul oylarida Turkiyada yana bir uchrashuv o‘tkazish lozim", - dedi Nixat Zeybekchi. 

U ertaga, 26 may kuni Turkiya vakillari "Urgut" erkin-iqtisodiy zonasiga borishi, u yerdagi muhit bilan tanishishi hamda kelgusida u yerda turk tajribasi qo‘llanishini ta'kidladi.

"Milliy valyutada tijorat qilish muhim, - deya so‘zlarini davom ettiradi Zeybekchi. - Turkiyadan millionlab kishilar ota yurti O‘zbekistonga kelishni xohlaydi. Biroq bunda viza muammosi mavjud - shu masalada yordam berilishini so‘rab qolamiz, zero bu juda muhim masala. Turkiyaliklar O‘zbekistonda emin-erkin harakatlanishi uchun sharoitlar yaratilishi kerak. Biz ham o‘z o‘rnida, Turkiyadagi o‘zbekistonliklarga yanada qulay sharoitlar yaratamiz", - deya so‘zlarini yakunladi Turkiya iqtisodiyot vaziri. 

Umuman olganda, shu kuni turkiyalik qardoshlarimiz viza masalasini qayta-qayta tilga olishdi va bu borada ijobiy o‘zgarishlar yuz berishiga umid bog‘lashdi. 

O‘zbekiston bosh vazir o‘rinbosari Rustam Azimov turkiyalik hamkorlarning mazkur taklifi chuqur o‘rganib chiqilishini ta'kidladi. 

Top