18:36 / 25.05.2017
8268

Vazirlar Mahkamasi fond birjasiga tegishli qaror qabul qildi

Joriy yilning 10 mayida  Vazirlar Mahkamasining “Fond birjasida aksiyalarni ommaviy taklifini o‘tkazishni tashkil etish to‘g‘risida”gi 268-sonli qarori qabul qilindi. U O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 17 yanvardagi 3PF-4933-sonli “Tadbirkorlik maqsadlarida foydalanish uchun davlat mulki obektlarini sotishni jadallashtirish va uning tartib-taomillarini yanada soddalashtirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi Farmon talablarini bajarish hamda davlat mulki obektlarini sotishda keng foydalaniladigan xalqaro amaliyotni joriy etish va fond bozoriga aholining keng qatlamlarini jalb qilish maqsadida qabul qilingan. Bu haqda Kun.uz’ga Davlat raqobat qo‘mitasi axborot xizmati xabar berdi.

Mazkur qaror bilan aksiyalarini xalqaro amaliyotga muvofiq aholiga va tadbirkorlik faoliyati sub'yektlariga birlamchi (IPO) va ikkilamchi (SPO) oshkora taklif etiladigan aksiyadorlik jamiyatlarining ro‘yxati hamda fond bozorida aksiyalarni birlamchi (IPO) va ikkilamchi (SPO) oshkora taklif etish tartibi to‘g‘risida Nizom tasdiqlandi.

Bundan tashqari, qarorda bitta shaxs tomonidan (anderrayterdan tashqari) sotib olinadigan aksiyalarning soni aksiyadorlik jamiyati aksiyalarining umumiy sonining 0,05 foizidan oshmasligi kerakligi belgilangan. 

Aktsiyalarni fond bozorida birlamchi (IPO) va ikkilamchi (SPO) oshkora taklif etish orqali realizatsiya qilish taklifni eng yuqori narxini hisobga olgan holda investor tomonidan taklif qilingan narxlarda amalga oshiriladi.

Top