17:08 / 26.05.2017
10196

Elyor G‘aniyev: “O‘zbekiston «Boku-Axalkalaki-Kars» temir yo‘l koridori ishga tushishidan manfaatdor”

2017 yil 25 may kuni Toshkent shahrida bo‘lib o‘tgan O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasidagi savdo-iqtisodiy hamkorlik bo‘yicha IV Hukumatlararo komissiya yig‘ilishi yakunida 2 mlrd dollardan ortiq qiymatdagi loyihalarni amalga oshirish bo‘yicha bitim imzolandi. Bu haqida “Kun” muxbiri xabar qiladi.

Ma'lumki, savdo-iqtisodiy aloqalarni rivojlanishiga bevosita ta'sir etuvchi omillardan biri bu transport va transport kommunikatsiyalari sohasidir. Bugungi kunda ikki mamlakatni bog‘lab turuvchi hududlararo transport-kommunikatsion tizimisiz savdo aloqalar rivojlanishini tasavvur etish juda qiyin.

Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vaziri Elyor G‘aniyev ikki davlatni bog‘laydigan to‘g‘ridan-to‘g‘ri transport koridorini yaratish muhim strategik ahamiyatga ega ekanligini qayd etdi.

“Biz «Boku-Axalkalaki-Kars» temir yo‘l koridori tez kunda ishga tushishidan manfaatdormiz. Ushbu temir yo‘li nafaqat O‘zbekiston va Turkiya o‘rtasida, balki Yevropa mamlakatlari bilan ham samarali savdo almashinuviga o‘z hissasini qo‘shadi”, - dedi Elyor G‘aniyev.

Turkiya vakillari esa, o‘z navbatida, O‘zbekiston bilan imtiyozli savdo qilish bo‘yicha bitim imzolashni taklif qildi.   

“Yangi tahrirdagi «Avtomobil transportida xalqaro yuk tashish» bo‘yicha bitim imzolashni qo‘llab-quvvatlaymiz. Bitim mamlakatlarimiz avtotashuvchilariga ikki davlat hududi orqali muntazam yuk tashishni erkin holda amalga oshirishiga imkoniyat beradi. Bu esa, o‘z navbatida, o‘zaro tovar ayirboshlash hajmiga ijobiy ta'sir etadi va O‘zbekiston bilan Turkiyaning mavjud tranzit salohiyatini to‘liq foydalanishiga imkon beradi”, - dedi O‘zbekiston Respublikasi Tashqi savdo vaziri o‘z nutqida.

Top