12:07 / 26.05.2017
7815

Kameralar qayd etgan jarimalarni to‘lamagan 75 nafar haydovchi mashinasi jarima maydoniga qo‘yildi

Foto: kun.uz

Toshkent shahar IIBBda bo‘lib o‘tgan matbuot anjumanida ma'lum qilinishicha, Toshkent shahrining 115ta chorrahasiga o‘rnatilgan kameralar tomonidan qayd etilgan jarimalarni 60 kundan ortiq kun mobaynida to‘lamaganlarning umumiy miqdori 5872 kishini tashkil etgan. Shulardan 3844 nafari jarimalarini to‘lashgan. Bu haqda Toshkent shahar IIBB YHXB tashkiliy-tahlil, nazorat bo‘limi boshlig‘i podpolkovnik Sodiqov Aziz axborot berdi. 

Jarima to‘lashga e'tiborsizlik qilgan 75 kishining avtotransport vositasi majburiy ravishda jarima maydoniga qo‘yilgan. Uning so‘zlariga ko‘ra, qolganlar ham jarima borasida e'tiroz bildirishmagan, aksincha, ular turli noqulay sharoitlar, jumladan moddiy yetishmovchilik va e'tiborsizlik sababli jarimalarni vaqtida to‘lay olishmaganini aytishgan. Ular yaqin muddatlarda jarimalarni to‘lashlarini aytishgan. 

YHXB tashkiliy-tahlil, nazorat bo‘limi boshlig‘ining aytishicha, Toshkent yo‘llaridagi kameralarda qayd etilgan qoidabuzarliklar bo‘yicha jarimalarni undirish qonunga muvofiq amalga oshirish davom ettiriladi. Bunda, Toshkent katta xalqa yo‘li bo‘ylab 16ta shaharga kirish-chiqish postlaridagi xodimlar, qolaversa, shahar ichkarisida xizmat vazifasini ado etayotgan barcha xodimlar jarima to‘lamagan avtomobillar haqida xabardor etilgan va ularni ushlab, jarima maydoniga joylash choralari ko‘riladi. 

Top