14:31 / 26.05.2017
6551

Parij aeroportida avtomobillarni robotlar turargohlarga joylashtirmoqda

Foto: motor.es

Fransiyaning Stanley Robotics kompaniyasi Parijning «Sharl-de-Goll» aeroportini maxsus robotlar bilan jihozladi. Ular mashinalarni kiraverishda mustaqil ravishda olib, egasi qaytgan vaqtda olib chiqib beradi. 

Robot Stan deya nomlangan bo‘lib, Stanley Robotics ma'lumotlariga ko‘ra, u har qanday turdagi avtomashinalarni avtoturargohga joylay oladi. Uning xizmatidan foydalanish uchun avtomobilni turargohga kiraverishdagi maxsus o‘ringa qo‘yish talab etiladi. Shundan so‘ng, terminaldagi tugmacha bosilsa, Stan kelib avtomobilni olib ketadi. 

Stanley Robotics kompaniyasining qo‘shimcha qilishicha, bu robot avtoturargoh hududidan samarali foydalanishni biladi. Chunki, u mashinalarni oddiy haydovchilarga qaraganda zichroq joylashtira oladi. Shu sababli bitta avtoturargohdagi o‘rinlar soni bino konstruksiyasiga o‘zgartish kiritmasdan qo‘shimcha 50 foizgacha ortishi mumkin. 

Bunday robotlar avval qo‘llanilgan. Masalan, Amerikaning Robotic Parking Systems firmasi shu kabi qurilmalarni ishlab chiqaradi. 

Top