20:51 / 28.05.2017
5285

Filippinda jangarilar bilan to‘qnashuvlarda halok bo‘lganlar soni 34 kishiga yetdi

Foto: AP

Filippin janubida hukumat qo‘shinlari va "Maute" terrorchilik guruhi jangarilari o‘rtasida deyarli bir haftadan beri davom etayotgan to‘qnashuvlar oqibatida kamida 34 kishi, jumladan harbiylar va politsiyachilar halok bo‘ldi. Mamlakat qurolli kuchlarining rasmiy vakili Restito Padillaning ma'lum qilishicha, jangarilar tomondan 19 nafar fuqaro qatl etilgan. 

Padillaning aytishicha, o‘tgan kecha harbiylar Maravi shahridagi davlat universiteti binosi yonida jangarilar tomondan qatl etilgan 8 kishining, jumladan 4 ayol va bir bolaning jasadini aniqlashgan. To‘qnashuvlar davomida 11 harbiy va 4 politsiyachi o‘ldirilgan. Shu bilan birga hukumat qo‘shinlari kamida 61 jangarini yo‘q qilishga muvaffaq bo‘lgan.  

Hukumat jangarilar sonini 200-300 kishi atrofida baholamoqda. Ma'lum bo‘lishicha, ular orasida Indoneziya, Malayziya va Singapurdan jangarilar ham bor.

Padilla qo‘shinlar "jangarilar yashirinayotgan hududlarga aniq aviazarbalar berishni va artilleriyadan o‘qqa tutishni davom ettirishini" ta'kidlab o‘tdi. 

Mamlakat prezidenti Rodrigo Duterte jangarilarning hujumi sababli 23 may kuni Mindanao viloyatining aksariyat qismida 60 kunlik harbiy holat tartibini kiritdi.   

Mavzuga oid
Top