15:08 / 29.05.2017
23525
Abdulaziz Komilov valyuta bozori va bank-moliya tizimini liberallashtirishni taklif qildi
Foto: «Senat.uz»

Oliy Majlis Senatining 27 may kuni bo‘lib o‘tgan navbatdagi yalpi majlisida O‘zbekiston Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov hisobot berdi. Tashqi ishlar vazirligi (TIV) saytida vazirning Senatdagi nutqi matni to‘liq holda keltirilgan.

Vazir investitsiyalarni jalb qilish bo‘yicha ishlarni muvofiqlashtirishda boshqa vazirlik va idoralar bilan «tizimli muammolar» borligidan norozilik bildirib o‘tgan. 

«Tashqi ishlar vazirligi boshqa vazirlik va idoralar bilan ishlarni muvofiqlashtirish bilan aloqador tizimli ahamiyatga molik bo‘lgan qator muammolarga duch kelmoqda. Ular orasida quyidagi hollarni alohida qayd etishni istar edim:

Birinchi, sarmoyalar jalb etish masalalari yuzasidan vazirlik va idoralar o‘rtasidagi vazifalarda aniq va qat'iy taqsimot mavjud emas.

Ikkinchi, xorijiy vakolatxonalarimizdan kelib tushadigan chet ellik sheriklarning takliflari vazirlik va idoralar tomonidan ko‘rib chiqilishi asossiz ravishda cho‘zilishi.

Ko‘pgina tashabbuslar O‘zbekiston uchun yaqqol foydali ekanligi ko‘rinib turgan bo‘lsa-da, ular lozim darajada qo‘llab-quvvatlanmaydi yoki inkor etiladi. Odob-ahloq nuqtai nazaridan, xorijlik sheriklarning murojaatlariga munosabat bildirmaslik mumkin emas — hatto ularning takliflari bizda qiziqish uyg‘otmasa ham.

Uchinchi, loyiha hujjatlari, ularning texnik-iqtisodiy asoslanganligi va sarmoyaviy takliflarning puxta tayyorlanmasligi. O‘zbekiston tarmoq idoralari va kompaniyalarining sarmoyaviy loyihalari hamda takliflarining sifatini ko‘pgina xorijlik ekspertlar «bo‘sh» yoki «xalqaro andozalarga javob bermaydi» deb baholashadi. Ularda marketing tadqiqotlari natijalari, taklif etilayotgan loyihalar istiqbolligi asoslanishi, ularning afzalligi va iqtisodiy samaradorligiga doir ma'lumotlar bo‘lmaydi – umum qabul qilingan oddiy talablar – pochta manzili, telefon va faks raqami, elektron pochta manzilini yozishni-ku aytmay qo‘ya qolaylik. Mutlaqo ko‘rsatilmaydi», degan vazir.

Uning aytishicha, valyuta konvertatsiyasi va investorlar huquqlarining zaif himoyasi chet ellik biznesmenlarni O‘zbekistondan qochirmoqda. Iqtisodiyotga xorijiy mablag‘larni jalb etishda davom etib kelayotgan past ko‘rsatkichning sabablarini aniqlash maqsadida TIV O‘zbekistonda ishlash tajribasiga ega xorijiy sarmoyadorlar, biznesmenlar va moliya tashkilotlarining ekspertlari o‘rtasida so‘rovnoma o‘tkazgan. Ular O‘zbekistonga sarmoya oqimini to‘xtatib qo‘yayotgan qator omil va sharoitlarning ba'zilari sifatida quyidagilarni sanab o‘tgan:

valyuta konvertatsiyasi va foydani repatriatsiya qilish;
bank-kredit tizimining takomillashmaganligi;
sarmoyadorlar huquqlarining zaif himoyasi va yetarli darajada samarali bo‘lmagan sud tizimi;
ma'muriy-byurokratik to‘siqlar (ko‘plab xorijiy kompaniyalar o‘z faoliyatini amalga oshirish uchun litsenziya va ruxsat olish tartib-qoidalaridan norozi);
past investitsiya reytingi.

Komilovning ma'lum qilishicha, vazirlik mazkur muammolarini o‘rganib, «Investitsiya muhitini yanada takomillashtirish, iqtisodiyot tarmoqlari va mamlakat hududlariga xorijiy sarmoya hamda zamonaviy texnologiyalar jalb etilishini rag‘batlantirish bo‘yicha kechiktirib bo‘lmaydigan chora-tadbirlar davlat dasturi» loyihasini ishlab chiqqan va ko‘rib chiqish uchun O‘zbekiston rahbariyatiga kiritgan.

Abdulaziz Komilov davlat byudjyeti va uning bajarilishi ko‘rsatkichlarini muntazam e'lon qilish hamda valyuta bozorini liberallashtirishni taklif qilgan.

«Tashqi ishlar vazirligi va xorijiy vakolatxonalarning sarmoya va zamonaviy texnologiyalar jalb etish sohasidagi faoliyatini yaxshilash, shuningdek, mamlakatning sarmoyaviy salohiyatini oshirish maqsadida quyidagi chora-tadbirlarni qabul qilishni maqsadga muvofiq deb hisoblagan bo‘lardik:
1) Biz tomonimizdan aloqador vazirlik va idoralar bilan birga ishlab chiqilgan O‘zbekiston Respublikasining 2017 – 2021-yillardagi tashqi siyosiy va tashqi iqtisodiy faoliyati Strategiyasini tasdiqlash.
2) O‘zbekiston Respublikasining chet davlatlardagi diplomatik vakolatxonalari tuzilmasini optimallashtirish va tanqidiy tahlil qilgan holda xorijiy vakolatxonalar shtat jadvalini qayta ko‘rib chiqish;
Elchixonalar faoliyatida iqtisodiy yo‘nalishni mustahkamlash lozim bo‘lgan muhim davlatlar ro‘yxatini aniqlashtirish va shu bilan birga, zarur bo‘lganda qo‘shimcha savdo-iqtisodiy masalalar bo‘yicha maslahatchi shtatini kiritish;
3) Tashqi ishlar vazirligi apparatida Vazirlik huzurida xalqaro iqtisodiy hamkorlik masalalari bilan shug‘ullanadigan mustaqil bo‘linma tashkil etish. Bu borada ishlar boshlab yuborilgan;
4) xalqaro iqtisodchi-mutaxassislarni tayyorlashning asoslarini tubdan qayta ko‘rib chiqish, bunda, eng avvalo, ushbu sohaga tegishli o‘quv yurtlarining, shu jumladan, Jahon iqtisodiyoti va diplomatiya universitetining faoliyatini takomillashtirishga e'tibor qaratish;
5) dunyo tajribasi asosida loyihalashga oid takliflarni tayyorlashning yagona standartlarini ishlab chiqish. Investitsiya loyihalari hamda korxona va obektlarni xususiylashtirish borasidagi takliflarni sifatli tayyorlash bo‘yicha texnik hujjatlarni ishlab chiqishga G‘arb davlatlarining yetakchi konsalting kompaniyalarini faol jalb qilish;
6) valyuta bozori va bank-moliya tizimini liberallashtirish, sarmoyadorlar huquq va manfaatlarining ishonchli himoyasini ta'minlash bo‘yicha qonunchilikni takomillashtirish borasidagi ishlarni davom ettirish;
7) xalqaro reyting agentliklari va tadqiqot tashkilotlari bilan hamkorlikni kengaytirish. Ochiq manbalarda sarmoyador uchun investitsiyaviy faoliyatini amalga oshirishda zarur bo‘lgan iqtisodiy ma'lumotlarni, jumladan, davlat budjyeti va uning bajarilishi, pul-kredit siyosati, tashqi savdo ko‘rsatkichlari va boshqa axborotlarni muntazam e'lon qilinishini ta'minlash.

Abdulaziz Komilov Senatdagi nutqi yakunida Tashqi ishlar vazirligining «investitsiya jalb qilishdan tashqari» asosiy vazifalarini sanab o‘tdi. TIV rahbari o‘z nutqi davomida o‘tgan 9 oy davomida aynan investitsiyalar va ilg‘or texnologiyalarni jalb qilish vazifalaridagi sustkashliklar uchun 7 elchi vazifasidan ozod etilgani, yil boshidan beri vazirning uch o‘rinbosari va ikki nafar boshqarma boshlig‘i qat'iy hayfsan olganini ma'lum qildi.

Komilovning ta'kidlashicha, TIV majburiyatlari doirasiga «O‘zbekistonga investitsiya va ilg‘or texnologiyalarni jalb qilishdan tashqari»:

xalqaro maydonda milliy manfaatlarni himoya qilish va ilgari surish,
yirik mamlakatlar va mintaqalardagi ta'sir doirasi kuchli davlatlar bilan har tomonlama tenglik tamoyiliga mos, barqaror va istiqbolga ega bo‘lgan aloqalarni o‘rnatish,
mintaqaviy xavfsizlikni ta'minlash,
O‘zbekiston atrofida farovonlik va barqarorlik hududini shakllantirish,
xalqaro hamkorlikning shartnomaviy-huquqiy bazasini kengaytirish,
xorijiy davlatlarda O‘zbekiston fuqarolarining huquq va manfaatlarini himoya qilish,
transchegaraviy daryolar manbalaridan oqilona va adolatli foydalanishning ta'minlanishini tartibga solish,
davlat chegaralarining delimitatsiya va demarkatsiyasi masalalarini hal qilish,
qo‘shni davlatlar bilan konstruktiv va do‘stona aloqalarni yo‘lga qo‘yish kabi vazifalar ham kiradi.

«Ifodali qilib aytganda, Tashqi ishlar vazirligining asosiy vazifasi – bu mamlakatning xavfsizligi va barqarorligini uning yaqin atrofida ham, uzoqda ham ta'minlashdan iboratdir. Shunga qaramay, TIV rahbari vazirlik va O‘zbekistonning xorijdagi vakolatxonalari «o‘z oldiga qo‘yilgan siyosiy-diplomatik faoliyat bilan birga, savdo-iqtisodiy va sarmoyaviy ustuvor vazifalarni ham o‘z vaqtida va samarali bajarish uchun bor kuch-g‘ayratini ishga soladi», — degan Abdulaziz Komilov.

Mavzuga oid
Top