11:50 / 29.05.2017
24071

AQSh prezidentining tashqi siyosatiga ishoralar

Foto: Reuters

AQSh prezidenti Donald Trampning Saudiya Arabistonida boshlanib, Isroil, Falastin, Vatikanda davom etib, Bryusselda tugallangan turnesi Vashingtonning yangi davr tashqi siyosatidagi ustuvor yo‘nalishlariga ishora qiladi. Hurriyet nashrida shu mavzudagi maqola taqdim etildi.

Bush va Obama doktrinasi

2001 yilning 11 sentabriga qadar AQSh prezidenti Jorj Bushning doktrinasi ko‘proq "ogohlantiruvchi operatsiyalar" ustiga qurilgan edi. Bu esa AQSh milliy xavfsizligiga ehtimoliy tahdidni o‘z vaqtida bartaraf etishni ko‘zda tutardi. Ushbu doktrina doirasida Bush ma'muriyati Afg‘onistondan keyin Iroqqa aralashuv rejasini amalga oshirgan va Saddam Husaynni qulatgan. Yaqin Sharq hali-hanuz ushbu aralashuv og‘riqlarini unuta olmaydi.

Barak Obama Bushdan keyin hukumat tepasiga kelib, Afg‘oniston va Iroqdan harbiylarni olib chiqishga va'da berdi. Yaqin Sharq ortiqcha yuk edi. AQSh Tinch okeani mintaqasi, Lotin Amerikasi va Osiyoga e'tiborini qaratishi kerak bo‘lgan. Eski dushmanlar yangi hamkorlarga aylanishi mumkin edi. Eron bilan yadroviy kelishuv imzolash bilan bog‘liq jarayonni tasdiqlagan Obama Kuba bilan munosabatlardagi taranglikni bartaraf etishga ham muvaffaq bo‘ldi. Biroq Yaqin Sharq uni ta'qib qilishda davom etardi. Aksariyati Iroqdan olib chiqilgan amerikalik harbiylar qisman ortiga qayta boshladi. Bu safar nafaqat Iroq, balki kichik jahon urushi ketayotgan Suriya ham jarayonga jalb qilindi.

O‘tgan yili yozda Atlantik jurnaliga berilgan intervyuda Obama Suriyada kimyoviy qurolning qo‘llanishini "qizil chiziq" deb atadi va o‘z pozitsiyasini "Vashington ssenariylarini buzish" sifatida e'tirof etdi. Boshqa tomondan, Yaqin Sharq Obamaning tashqi siyosat doktrinasi shakllanishiga hissa qo‘shdi. Endi AQSh o‘z harbiylarini jalb qilib, to‘g‘ridan-to‘g‘ri emas, balki mahalliy kuchlardan foydalana boshladi - masalan, Suriyada xalq mudofaa otryadlari - Kurdiston Ishchilar partiyasining bir novdasi bilan hamkorlik qilardi.

AQSh-Saudiya "qurolli bitimi"

Hozir asosiy sahnada - AQShning yangi prezidenti Donald Tramp. U o‘zining ilk xorijiy safari doirasida dinlararo turni amalga oshirdi, deyish mumkin, zero Tramp o‘z safarini Ar-Riyodda boshlab, Qudsda davom ettirib, Vatikanda tugalladi. Biroq kechagi kunga qadar mazkur turne doirasida eng muhimi - Saudiya Arabistoni rahbariyati bilan qurol-yarog‘ga doir imzolangan 110 milliard dollarlik bitim edi. O‘n yil davomida AQShning Saudiyaga 350 milliard dollarlik qurolni sotishi Trampning tashqi siyosatini tushunish uchun ba'zi kalitlarni tutqazadi.

Eron Obama davrida imzolangan yadroviy kelishuv tufayli mintaqaviy kuch sifatida oldinga chiqqanida, bu Suriya va Yamanda shialar ta'sirini oshirishi ta'kidlangan edi. O‘sha paytlar Eronning "kuchayishi" Fors ko‘rfazi mamlakatlarida, eng avvalo Saudiya Arabistonida xavotir uyg‘otdi, an'anaviy ittifoqdoshlar - Vashington va Ar-Riyod munosabatlarida sovuqlik paydo bo‘ldi.

Foto: AFP

AQSh Saudiya Arabistoni bilan imzolangan yangi "qurolli bitim" tufayli 2001 yilning 11 sentabridan keyin Ar-Riyodga qaytmoqda. Tramp ma'muriyati Rossiya va Xitoy tomonidan qo‘llab-quvvatlanuvchi Eronga qarshi arab dunyosining Isroil bilan hamkorligini rag‘batlantirib, Saudiyadagi harbiy rivojlanish uning terrorizm bilan kurashdagi pozitsiyasini kuchaytiradi va harbiy masalada AQShga yuk bo‘lmasligiga oid nuqtai nazarni olg‘a suradi. Lockheed Martin, Boeing, Raytheon kabi amerikalik qurol ishlab chiqaruvchilar bu bitimdan foyda oladigan bir paytda AQShda yangi ishchi o‘rinlariga zamin yaratiladi, huquqni muhofaza qiluvchi tashkilotlar ogohlantirmoqda: qurol qancha ko‘p bo‘lsa, inson huquqlarining buzilish holatlari shuncha ko‘payadi.

"Eng avvalo Amerika" va "xarajatlarning taqsimlanishi"

Tramp Ar-Riyodga tashrifi davomida tashqi siyosatdagi yo‘nalishni o‘zgartirdi, NATOga qilingan tashrif esa kelgusi transatlantik munosabatlar nuqtai nazaridan muhim edi. Ilgari NATOni "eskirgan" tashkilot deb atagan AQSh prezidentining alyansda ikki ishi bor edi - moliyaviy yukni taqsimlash va terrorizmga qarshi yanada samarali kurashish. 2014 yilda Uelsdagi sammitda NATO ittifoqdoshlari tomonidan qabul qilingan majburiyatlar to‘g‘risidagi qarorlarga muvofiq, har bir a'zo mudofaaga YaIMning 2 foizdan kam bo‘lmagan qismini ajratishi kerak. Hozircha hamma davlatlar ham buning uddasidan chiqa olishmayapti.

Foto: TASS

Tramp  moliyaviy xarajatlarni taqsimlash zarurati borasida avval boshdanoq bosim o‘tkazib kelmoqda. NATO bunga javoban sammitda ramziy qadam tashlab, IShIDga qarshi koalitsiyaga qo‘shilish qarori haqida e'lon qildi. Bundan tashqari, NATO bosh kotibi Yyens Stoltenberg so‘nggi vaqtlarda xarajatlarni taqsimlash borasida alyans a'zolari tomonidan erishilgan muvaffaqiyatni alohida ta'kidladi. AQSh prezidenti nafaqat Ar-Riyodni, balki NATOni ham harbiy jihatdan rivojlanishga chorlamoqda.

Yaqindagina ishga kirishgan Donald Trampning qandaydir doktrinasi haqida gapirishga hali erta.Shunga qaramay, prezident Trampning tashqi siyosatidagi muhim punktlar - "Eng avvalo Amerika" va "xarajatlarni taqsimlash" ekanligi ayon bo‘lib bo‘lmoqda. Biz uning Saudiya Arabistoniga qilgan tashrifi chog‘ida ham, Bryusseldagi muzokaralarda ham shuning guvohi bo‘ldik.

Top