13:08 / 29.05.2017
13381

Atamboyev: Qirg‘iziston harbiy texnikalari arzimagan pulga sotib yuborilgan

Foto: President.kg

Qirg‘iziston prezidenti Almazbek Atamboyev respublika qurolli kuchlari 25-yilligi munosabati tashkil etilgan tantanalarda qilgan ma'ruzasida ayrim siyosatchilarni yirtqich qush-kalxatga tenglashtirdi. 

Uning so‘zlariga ko‘ra, 2016 yil martida qirg‘iz-o‘zbek chegarasidagi Oqsoy tumanida vaziyat keskinlashganda ayrim siyosatchilar u yerga borib, fuqarolarni gij-gijlagan. 

Davlat rahbarining aytishicha, dunyo va mintaqadagi vaziyat murakkab bo‘lib, ba'zan yer va suv uchun urush bo‘lishi haqidagi so‘zlar ham quloqqa chalinmoqda. 

Afsuski, chegara masalasi to‘liq hal etilmagan, xalqaro terrorchilik kuchayib bormoqda. 

Uning ta'kidlashicha, harbiy xizmatchilarni tashqi va ichki tahdidlarga qarshi turishga o‘rgatish kerak. 

«Askarlarni o‘qitish kerak. Buning uchun mablag‘ ajratish kerak. Buning uchun ko‘p mablag‘ talab etilsa-da, mamlakat xavfsizligiga kiritilayotgan sarmoyadir. Shu boisdan ham parlament va hukumat qurolli kuchlardan iqtisod qilmasligi kerak», — degan davlat rahbari. 

Shu bilan birga, Atamboyevga ko‘ra, mamlakat rahbariyati o‘z vaqtida armiya qurollarini arzimagan pulga sotib yubordi. Uning aytishicha, o‘tgan asrning 90-yillaridagi rahbarlarning mamlakatga armiya kerakmasligi xususidagi gaplari ofitserlar va harbiylar ruhini sindirgan va qurolli kuchlarga jiddiy talofat yetkazgan. 

2011 yili mustaqillikning 20 yilligi munosabati bilan harbiy parad o‘tkazmoqchi bo‘lishganida ayrim harbiy texnikalar maydonga kela olmasligi aniqlangan. 

Qirg‘iz davlat rahbari, shuningdek, armiyasiz xalqni qo‘lsiz insonga qiyosladi. 

«Bekorga qirg‘izlar ilgari armiyani qo‘l deb atamagan, chunki armiyasiz xalq o‘zini-o‘zi himoya qila olmaydigan qo‘lsiz inson kabidir. Shu boisdan ham prezidentligimning ilk kunlaridanoq, bosh qo‘mondon sifatida xalqning kuchli qo‘li bo‘lishi uchun harakat qildim», — degan prezident.

O‘tkazilgan islohotlar natijasida Qurolli kuchlar butunlay o‘zgardi. 

«Avvallari Qurolli kuchlar barchaga bo‘ysingan bo‘lsa, endi u bir joydan boshqariladi va mushtga aylandi», — deb ta'kidladi Atamboyev. 

Uning aytishicha, bugungi kunda askarlarning 30 foizi oliy ma'lumotlidir. 

«Hurmatli vatandoshlar, bugun men, prezident va bosh qo‘mondon sifatida rasman ayta olamanki, bugun qirg‘iz halqining o‘z vatanini himoya qila oladigan o‘z armiyasi bor. Yigitning yuragi qal'adan mustahkam bo‘ladi», — degan Almazbek Atamboyev.

Mavzuga oid
Top