16:19 / 29.05.2017
17526

Qarovsiz futbol maydonchasi: “savobi ham, uvoli ham mahallaga...”

Qarshi mintaqaviy temir yo‘l uzeli Shilvi qishlog‘i, janubiy park, Qarshi-Nishon avtomagistrali yaqinidagi Maxtumquli, aeroport hududlarida joylashgan sport maydonini ko‘rgan kishining afsuslanishi turgan gap. To‘g‘risi, katta mablag‘ evaziga qurilgan maydonchadagi bu xunuk manzarani ko‘rib, nahotki, bu yerning egasi bo‘lmasa, degan savolga bordik.

Fotoapparatimizni ishga tushirib, sigirlarni suratga olishni boshlagan ham edik-ki, uzoqdan bir kishi oldimizga yugurib keldi. Gaplariga qaraganda bu kishi sariq rangdagi sigirning xo‘jayini ekan. Jonivor maydonchaga kirib ketganini o‘zi ham payqamay qolibdi. Uni qidirib yurgan ekan. Maza-maza sigirning egasiga maza ekanda! Tayyor - keng yaylov. Ertalab ipini shoxiga o‘rab, sigiriga ko‘chani ko‘rsatib qo‘ysa bas. Kechga borib maysazordan qorni qappayib qaytadi. Maydonchaning temir panjaralari qo‘porilishi mumkinligi bilan ishi yo‘q. O‘ziniki emas-da! Mana ahvol, maydon allaqachon yosh o‘g‘il-qizlarning sevimli sport o‘yingohi emas uch-to‘rt sigir o‘tlaydigan dalaga aylangan. Maydonchani o‘rab turgan temir panjaralar ko‘chib, oyog‘i singan laylakdek bir tomonga yotib qolgan. Yuvinish, dam olish, kiyinish xonalarini aytmaysizmi? Omborxonaga o‘xshaydi. Shu yaqin atrofdagi ba'zi kimsalar undan "produkt" saqlaydigan "sklad" qilib olgan. Bir o‘ylab ko‘ring, qarovsiz qolgandan keyin, qolaversa, shu atrofdagi mahallaning bolalari ham oyoq bosishlariga ruxsat bo‘lmagandan so‘ng, bu tekin maydon kimgadir xizmat qilishi kerak-da. Nima dedingiz? To‘g‘ri, siz ham, aslida maydonchadan mahallaning iqtidorli havaskor yosh o‘g‘il-qizlari foydalansa, ulardan kelajakda mohir futbolchilar yetishib chiqarmidi, deb o‘ylayotgandirsiz. Gapingizda jon bor. Ammo maydon egalari bu haqda nahotki bosh qotirmagan bo‘lsa?

Xo‘sh, aslida bu maydon kimga tegishli? Egasi ana shu xunuk holatlardan xabardormi?

Yaqin atrofda yashaydigan kishilarning aytishicha, bu maydon Qarshi temir yo‘l uzeli unitar korxonasiga tegishli ekan.

"Savobi ham uvoli ham o‘ziga..."

- Qarshi mintaqaviy temir yo‘l uzeli Shilvi qishlog‘i, janubiy park, Qarshi-Nishon avtomagistrali yaqinidagi Maxtumquli, aeroport hududlarida joylashgan sport maydonchani, aytyapsiz-da, deydi savolimizga hayratlanib, Qarshi mintaqaviy temir yo‘l uzeli kadastr bo‘limi boshlig‘i Husan Fayziyev. - Ha, bizning balansdagi maydon.

 - U yerga oxirgi marta qachon borgan edingiz?

- ...Ishqilib borgandim.

- Sigir, buzoqlar o‘tlab, temir panjalarga ziyon yetayotgani haqida biror kishidan hech bo‘lmaganda eshitdingizmi?

- Maydonchalar bizning balansda turgan bilan “Temiryo‘lchilar” mahallasiga ham tegishli, - deydi Husan aka. - Uni nazoratga olish mahallaning ishi. Ana mahalla raisi, kotib, maslahatchi, posbonlar bor. Ular bu masalaga bosh qotirsin. Maydonchalardan ham boshqa jiddiyroq vazifalarimiz ko‘p. To‘g‘ri, undan foydalanish uchun ko‘plab tashkilotlar o‘z takliflari bilan chiqishayapti. Ammo maydoncha faqat shartnoma asosida beriladi. Axir uni qurishga qancha mablag‘imiz ketgan. Tekinga bermaymiz-ku? Bizda shusiz ham ko‘plab sport maydonchalarining tashvishi bor. Mahallaning yoshlari foydalansin, deb qurdikmi, maydonchaning savobi ham, uvoli ham mahallaga. Hammasini bir vaqtda nazoratga olishimizning imkoni yo‘q-ku? Bizning asosiy vazifamiz poyezdning harakat xavfsizligini ta'minlash. Sport inshootlarini asrab–avaylash ham vazifamizga kiradi. 

Husan akaning gapida jon bor. Temir yo‘lni harakatga keltirish, uning xavfsizligini ta'minlash o‘ta mas'uliyatli vazifa. Bundan tashqari, u kishi aytganidek, temir yo‘l mulki hisoblangan sport o‘yingohlarini ham asrab-avaylash ularning oldiga qo‘yilgan o‘ta muhim vazifadir. Ammo biz yuqorida ta'rifini keltirgan sport maydonchasidagi xunuk manzara Husan aka aytganidek “sport inshootlarini asrab avaylash kerak”, degan mantiqqa mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Qolaversa, bu inshoot ularning nazoratidan allaqachon chetda qolgan. Axir o‘zlari aytganidek, sport o‘yingohining uvoli ham savobi ham mahallaga ekanda. Poyezdning harakat xavfsizligini nazorat qilish boshqa mayda-chuyda vazifalardan ham eng muhimimi? Shunday ekan, bu maydonning qurilishidan ne foyda? Kim uchun qurilgan?

Davlat rahbari tomonidan sportni rivojlantirish, bo‘lajak mamlakat, jahon chempionlarini kashf qilishga katta ahamiyat berilayotgan paytda ba'zi bir tashkilotlarning bu masalaga yeng ichida qarayotganini qanday tushunish mumkin? Hech bo‘lmaganda, ketgan mablag‘lariga nahotki ichlari achimasa?!

"Holva degan bilan og‘iz chuchimaydi..."

Yana bir gap. Husan aka aytganidek, sport majmuasi “Temiryo‘lchilar” mahallasining emas, “Shohbekat” mahallasining hududiga tegishli ekan. Buni mahalla raisi Abduolim aka Razzoqov mahalla hududining xaritasi orqali sport majmuasining joylashuv nuqtasini ko‘rsatib berdi.

- Holva, holva degan bilan og‘iz chuchimaydi, - deydi “Shohbekat” mahalla raisi Abduolim Razzoqov. - Hali qurilishi bitmay turib, yarim chala joy bo‘lsa, o‘yin maydonchasidan qanday foydalanish mumkin? Qolaversa, maydoncha Qarshi tumani yerida turibdi. O‘sha hududda yashaydiganlar Qarshi shahriliklar. Bizga bu sport majmuasining nazorati umuman berilmagan. Mahallamiz yoshlari ham u yerdan hech qachon foydalanishmaydi.

- Sport majmuasining qurilishi qachon boshlangan o‘zi? – savolga tutamiz mahalla raisini.

- Erkin aka qachon qurilgan edi? - savolomuz qaraydi rais mahalla posboniga. - 2006 midimi yo 2005... Bizda qarori ham yo‘q edi-da.

- Ha, topdim qurilishi 2011 yilda boshlangan, - deya suhbatimizga qo‘shiladi mahalla posboni Erkin Qosimov ham. - Yangi qurilganda bunday ko‘rinishda emas edi. Darvozasining “setka"si bor edi. Atrofi panjaralar bilan o‘ralgandi. Har kuni mahallamiz yoshlari to‘p tepardi. Mahallalararo, mini futbol musobaqalarini tez-tez uyushtirardik. O‘zim ham o‘sha yerda to‘p tepganman. Hozir-chi, ba'zi nafsi hakalak otganlar atrofidagi panjaralarni buzib, uyiga olib ketayapti. Qo‘y, sigirlar o‘tlaydigan maydonga aylangan. Ba'zilar uyalmay molini ham o‘sha yerda boqishayapti.

- To‘g‘risini aytaymi, - so‘zini davom ettirdi Erkin Qosimov. - Qarshi temir yo‘l uzeli boshlig‘i mendan sport maydonchasini qabul qilib olishimni so‘radi. Ammo shahar hokimi sport majmuasini chala-yarim ko‘rinishda emas, to‘liq qurib bitkazilgandan so‘ng qabul qilib olishimni tayinladi. Shuning uchun ham ularning taklifini rad qilganman. Mana hozir o‘zimiz ham shunday sport maydonchasiga muhtojmiz. Axir davlatimiz tomonidan sportga qanchadan-qancha imkoniyatlar yaratib berilayapti. Sportchilarimiz safi kundan-kunga emas, soat sayin ko‘payyapti-ku? O‘zimiz ham shu sport maydonchasini mahallamizga o‘tkazib berishlarini so‘ramoqchi bo‘lib turibmiz. Uch, to‘rt homiy topib qurilishini yakunlab qo‘ysak, farzandlarimiz o‘sha yerda shug‘ullanishadi. Axir ular orasida qanchadan-qancha tug‘ma iste'dodlar bor emasmi?

Xulosa qilib aytganda, eng xavfli odam loqayd odam. Chunki hech nimaga ishonmaydi. Boshqacha aytsak, u uchun muqaddas, boy beriladigan tushunchaning o‘zi yo‘q.

Biz ham, o‘z navbatida yurtimizda bolalar sporti rivojlanishining, ayniqsa, mashhur futbolchilar kamol topishining tarafdorimiz.

Shunday ekan, qaniydi mudroq ko‘zlar vaqtida ochilsa, jamiyatni o‘zi bilan birga anglab yashasa, o‘z vijdoni oldida javob bera olsa. "Jamiyatning vijdonlari" nega bu xunuk manzaraga qo‘l qovushtirib, qarab o‘tiribdi?

Vaziyatni o‘rganish paytida ko‘plab tushunarsiz holatlarga ham duch keldik. Qarshi Temir yo‘l uzeli "buxgalteriya" bo‘limiga og‘zaki murojaat qilganimizda "tashkilotimizga faqat yozma xat bilan chiqilgandan so‘ng savollaringizga javob beramiz" deyishdi. Holbuki, bu masalada alohida “Jismoniy va yuridik shaxslarning murojaatlari to‘g‘risida”gi qonun qabul qilingan. Unda murojaatlar og‘zaki bo‘lishi ham qayd etilgan-ku?

Shuni alohida ta'kidlash kerak-ki, ushbu sport maydonchasi qachon, qayerda qurilmasin, bir maqsadda barpo etilgan, bolalar sportini rivojlantirish, ularda sportga bo‘lgan qiziqishni kuchaytirish. Shunday ekan, ushbu inshoot ham tegishli idora rahbarlari tomonidan nazoratga olinar. Biz shunga umid qilamiz.   

Hulkar Rajabova, jurnalist

Top