18:31 / 29.05.2017
15824

Milliy kurash. Xalqaro turnir o‘zbekistonlik polvonlarning medallari bilan boyidi 

Foto: at-termiziy.uz

Termiz shahrida kurash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun Hakim at-Termiziy xotirasiga bag‘ishlangan an'anaviy XIII xalqaro turniri bo‘lib o‘tyapti. Joriy yilgi musobaqada 50 davlatdan 150 nafardan ziyod sportchi va mehmon ishtirok etmoqda.

Bugungi kun doirasidan o‘rin olgan -73 kilogramm vazn toifasidagi bahslarda dastlabki g‘olib nomi ma'lum bo‘ldi. Ushbu vaznning final bosqichida Davlat Abrayevga qarshi gilamga ko‘tarilgan Hikmat To‘rayev musobaqaning dastlabki oltin medalini qo‘lga kiritdi. Shuningdek, musobaqaning bronza medallarini Suhrob Xudoyberdiyev va Sherbek Ablaqulovlar qo‘lga kiritishdi.

Musobaqaning -90 kilogramm vazn toifasida ham g‘olib va sovrindorlar nomi ma'lum bo‘ldi. Xususan, ushbu vaznning final bahsida gilamga ko‘tarilgan Yahyo Imomov Shuhrat Arslonovni mag‘lub etgan holda musobaqa g‘olibligini qo‘lga kiritdi. Shuningdek, ushbu musobaqaning bronza medallari Kamoliddin Rasulov va Dilshod Turdiyevlarga topshirildi.

Musobaqaning mutlaq vazn toifasida gilamga ko‘tarilgan polvonlarning final bahsida hamyurtimiz Abdulla Xolyorov turnirning ikki karra g‘olibi Samijon Ubaydullayevni mag‘lub etgan holda, hal qiluvchi bosqich yo‘llanmasini qo‘lga kiritgan Artyom Osipenkodan ustun ekanligini isbotladi.

Shuningdek, ushbu vazn toifasida bronza medallari Bekmurod Oltiboyev va Baxtiyor Mengliqulovlarga nasib etdi.

Ma'lumot o‘rnida: Kurash bo‘yicha O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti sovrini uchun Hakim at-Termiziy xotirasiga bag‘ishlangan an'anaviy xalqaro turnir 1993 yildan buyon o‘tkazib kelinmoqda.

Eslatma: 2015 yilning sentabr oyida Osiyo olimpiya kengashining Ashxobod shahrida o‘tkazilgan navbatdagi Bosh assambleyasida Kurash 2018 yili Indoneziyaning Jakarta shahrida o‘tkaziladigan XVIII yozgi Osiyo o‘yinlari dasturiga rasman kiritildi.

Top