16:23 / 29.05.2017
35678

Senat Konstitutsiyaga o‘zgartishlar kiritdi

2017 yil 27 may kuni Toshkent shahrida O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senatining o‘ninchi yalpi majlisi bo‘lib o‘tdi. Unda Vazirlar Mahkamasining taklif etilgan a'zolari, vazirliklar va idoralar rahbarlari, boshqa tashkilotlar, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi. 

Senatorlar ishni «O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining ayrim moddalariga o‘zgartishlar kiritish to‘g‘risida (80, 93, 108 va 109-moddalariga)»gi O‘zbekiston Respublikasining qonunini ko‘rib chiqishdan boshladi.

Qonun 2017-2021 yillarda O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasida belgilangan sud-huquq sohasini isloh qilish, fuqarolarning huquq va erkinliklarini ishonchli himoya qilish kafolatlarini kengaytirish, ularning odil sudlovga erishish darajasini, odil sudlovni amalga oshirish samaradorligi va sifatini oshirish, sudyalar lavozimiga nomzodlarni tanlash va tayinlash tizimini yanada takomillashtirish, shuningdek, tabiatni muhofaza qilish va ekologik xavfsizlikni ta'minlash chora-tadbirlarini kuchaytirish vazifalarini ro‘yobga chiqarishga qaratilgan prinsipial qoidalardan iboratdir. 

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2017 yil 21 apreldagi «Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish sohasida davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirish to‘g‘risida»gi farmoni bilan Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi O‘zbekiston Respublikasi Ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi etib qayta tashkil etildi hamda u o‘z faoliyatida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga hisobot berishi belgilab qo‘yildi. 

Asosiy qomusning 80-moddasiga kiritilayotgan o‘zgartishlarda O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasining raisini tayinlash hamda uni lavozimidan ozod etishni, shuningdek, Tabiatni muhofaza qilish davlat qo‘mitasi raisining hisobotini eshitishni Oliy Majlis Senatining vakolatlaridan chiqarish nazarda tutilmoqda.

Bundan tashqari, O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasining 93-moddasiga kiritilgan tuzatishlarga muvofiq Konstitutsiyaviy sud O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining taqdimiga binoan Oliy Majlis Senati tomonidan Sudyalar oliy kengashi tavsiya etgan shaxslar orasidan, Qoraqalpog‘iston Respublikasining vakilini qo‘shgan holda saylanadi. 

Asosiy qomusning 108- va 109-moddalariga kiritilayotgan tuzatishlarda konstitutsiyaviy qonunlarning, xalqaro shartnomalarni ratifikatsiya qilish to‘g‘risidagi qonunlarning imzolanguniga qadar Konstitutsiyaga muvofiqligini tekshirish, Oliy sudning muayyan ishda qo‘llanilishi lozim bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarning Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risida sudlar tashabbusi bilan kiritilgan murojaatlarini ko‘rib chiqish, shuningdek, har yili Oliy Majlis palatalariga va O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati to‘g‘risida axborot taqdim etish borasidagi Konstitutsiyaviy sudning vakolatlarini kengaytirish nazarda tutilmoqda. 

Senatorlarning fikricha, ushbu o‘zgartish va qo‘shimchalar ekologiya va atrof-muhit sohasidagi davlat boshqaruvi tizimini takomillashtirishga, shuningdek, Konstitutsiyaviy sud faoliyatining samaradorligini va nufuzini oshirishga ko‘maklashadi. Qonun senatorlar tomonidan ma'qullandi.

Top