09:07 / 29.05.2017
11301

Shimoliy Koreya 2 hafta ichida uchinchi raketani uchirdi

Foto: Reuters

Shimoliy Koreya 29 may kuni mahalliy vaqt bilan tongda oxirgi 2 hafta ichidagi uchinchi ballistik raketani uchirdi. Avvalgi raketalar 14 va 21 may kunlari uchirilgandi. 

Oxirgi raketa Shimoliy Koreyaning sharqidagi Vonsan shahri yaqinidan uchirilgan. Yaponiya va AQSh rasmiy shaxslarining ma'lumotlariga ko‘ra, raketa 6 daqiqalik parvozi vaqtida 450 km masofa uchib o‘tib, Yapon dengiziga, Yaponiyaning Simane prefekturasidagi Oki orolidan 300 km uzoqlikda Yaponiya iqtisodiy hududiga tushgan. Raketaning parvoz balandligi 100 km ni tashkil qilgan. 

Yaponiya va Janubiy Koreya harbiylarining taxminicha, "Skad" turidagi o‘rta masofalarga mo‘ljallangan raketa uchirilgan.

Shu munosabat bilan Yaponiya tashqi ishlar vaziri Fumio Kisida jurnalistlarga Yaponiya AQSh va Janubiy Koreya bilan BMT Xavfsizlik kengashi doirasida o‘zaro harakatlarni boshlaganini ma'lum qilgan. Uning aytishicha, Shimoliy Koreya atrofidagi vaziyat u tomondan Xitoy davlat kengashining tashqi siyosiy ishlar uchun mas'ul a'zosi Yan Tszechi bilan muhokama qilinadi. Tszechi 29 may kuni Tokioga tashrif buyuradi.   

Janubiy Koreya tashqi ishlar vazirligi raketa uchirilishini BMT Xavfsizlik kengashi rezolyutsiyasining ochiqchasiga buzilishi deb atadi va Shimoliy Koreyaga nisbatan "qat'iy choralar" ko‘rishga va'da berdi.  

Shimoliy Koreya oxirgi vaqt bir haftalik oraliq bilan raketalar uchirmoqda. Har bir sinovda turli tipdagi raketa sinalmoqda. 14 may kuni parvoz balandligi 2111 km va uchish uzoqligi 787 km ni tashkil qilgan "Xvanson-12" raketasi uchirilgandi. U Yaponiyaning iqtisodiy hududidan o‘tib ketib, Yapon dengiziga tushgan. 2000 km parvoz balandligiga Shimoliy Koreya tomondan ilk marotaba erishilgan.

21 may kuni Shimoliy Koreya yana bir sinov o‘tkazgan. Bu safar quruqlikdan otish uchun qayta ishlangan, suv osti kemalari uchun mo‘ljallangan "Pukkikson-2" ballistik raketasi uchirilgan. Pukchxandan uchirilgan raketa 500 km uchib o‘tib, Koreya yarim orolidan 350 km uzoqlikda Yapon dengiziga tushgan. 

Mavzuga oid
Top