09:30 / 30.05.2017
7893

Shimoliy Koreya ballistik raketa sinovi muvaffaqiyatli o‘tganini ma'lum qildi

Foto: AFP

Shimoliy Koreya 29 may kuni Yapon dengizi tomon ballistik raketani muvaffaqiyatli uchirdi. 30 may kuni Koreya Markaziy telegraf agentligining ma'lum qilishicha, raketa belgilangan nishonga aniq tekkan. 

Sinovni Shimoliy Koreya rahbari Kim Chen Inning shaxsan o‘zi boshqargan. U "erishilgan muvaffaqiyatlar negizida kuchli strategik qurollarni rivojlantirishni" kuchaytirishga e'tibor qaratishni buyurdi.

Koreya ishchi partiyasi raisi vakilining ma'lum qilishicha, bunday turdagi raketa ilk marotaba Pxenyanda o‘tgan harbiy paradda namoyish qilingan. Uning aytishicha, bu raketa raqibning istalgan hududdagi obektlariga o‘ta aniq zarbalar berishga qodir.

Kim Chen In "kelgusida mamlakatning mudofaa sanoati AQShning ig‘vogar harakatlariga javoban "yankilarga sovg‘alar to‘plamini" yuborish uchun yanada kattaroq muvaffaqiyatlarga erishishiga" ishonch bildirdi.

Koreya Markaziy telegraf agentligining ma'lum qilishicha, raketa sinovini o‘tkazishdan maqsad jangovar kallak bilan jihozlangan ballistik raketa parvozi barqarorligini tekshirishdan iborat bo‘lgan. Bir vaqtning o‘zida raketalarni otishga mo‘ljallangan o‘ziyurar qurilma ham sinovdan o‘tkazilgan. 

Eslatib o‘tamiz, Shimoliy Koreyaning 29 maydagi raketa uchirishi joriy yildagi to‘qqizinchisi bo‘ldi.

Mavzuga oid
Top