16:50 / 31.05.2017
5189

Aleksandar Vuchich Serbiya prezidenti lavozimiga kirishdi

Foto: Reuters

2017 yil 2 aprel kuni Serbiya prezidentligiga saylangan Aleksandar Vuchich respublika parlamenti – Skupchshina qarshisida qasamyod qildi. U prezidentlik qasamyodi matnini aytar ekan, rasman 5 yil muddatga davlat rahbari lavozimiga kirishdi, deb xabar qilmoqda TASS agentligi. 

"Serbiya Respublikasining Kosovo va Metoxiya uning tarkibiy qismi sifatidagi suvereniteti va hududiy yaxlitligini saqlashga, insoniy huquq va erkinliklarni amalga oshirishga, Konstitutsiya va qonunlarni hurmat qilish hamda himoya qilishga, Serbiya Respublikasining barcha fuqarolarining tinchligi hamda faravonligini saqlashga tantanali qasamyod qilaman va adolat hamda mas'uliyat bilan o‘z majburiyatlarimni ado etaman", - degan prezident.

Vuchich Serbiya tarixida birinchi bo‘lib, serb krillitsa yozuvining qadimiy yodgorligi – 12-asrning Miroslav Injilida qasamyod qildi. Prezident qadimgi kitob ustidagi mamlakat Konstitutsiyasiga qo‘lini qo‘yib qasamyod so‘zlarini aytgan. 

Tantanali inauguratsiya marosimida sobiq davlat rahbari Tomislav Nikolich, Bosniya va Gertsegovina tarkibiga kiruvchi Serb respublikasi prezidenti Milorad Dodik, siyosiy partiyalar vakillari, deputatlar, Sloveniya, Vengriya, Chernogoriya, Xorvatiya, Bosniya va Gertsegovina, Gretsiya va Avstriyadan kelgan mehmonlar, xorijiy davlatlar elchilari qatnashdi. 

Skupchshina binosi tashqarisida Vuchichni olqishlagan minglab serbiyaliklar ham to‘planishgan. 

Mavzuga oid
Top