13:32 / 31.05.2017
9807

Chavusho‘g‘li: Germaniya lof urmoqda

Foto: «Anadolu»

Rasmiy Berlin Anqara ma'muriyati manfaatlariga zid keluvchi barcha narsani qo‘llab-quvvatlamoqda. Turkiya tashqi ishlar vaziri Mavlut Chavusho‘g‘li Gabon tashqi ishlar vaziri Mubele Bubeya bilan o‘tkazgan qo‘shma matbuot anjumanida shunday bayonot berdi, deb xabar qilmoqda «Anadolu» axborot agentligi.

Chavusho‘g‘li Germaniya kansleri Angela Merkelning Bundesver kuchlarini «Injirlik» aviabazasiga joylashtirish bo‘yicha rozilikka erishishga doir «so‘nggi imkoniyat» haqida bergan bayonotiga izoh berar ekan, Anqara Berlinga yon bosish istagida emasligini bildirdi. 

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, Berlin Turkiya avvalgi davlat emasligini va xorijiy davlatlar «buyurtma»si bilan harakat qilmasligini tan olishi kerak. «Agar Germaniya Anqara bilan munosabatlarni rivojlantirish pozitsiyasidan yondashadigan bo‘lsa, birinchi galda, dushmanona siyosatdan voz kechishi kerak», - degan Chavusho‘g‘li. 

«NATO sammiti doirasida Merkel bilan uchrashgan prezident Rajab Toyyib Erdo‘g‘an ikki tomonlama munosabatlardagi barcha muammolarni sanadi. Bu Fathulloh Gulen terrorchilik oqimi tarafdorlarini oshkora qo‘llab-quvvatlashdir. Ularning bir qismi Germaniyada boshpana topishdi. Shuningdek, Berlin Kurdiston ishchi partiyasi terrorchilarining gumashtalari harakatlariga ko‘z yummoqda. Bunda, davlat darajasida Germaniyadagi turk jamoatchiligiga tizimli bosim o‘tkazish siyosati davom etmoqda», - degan Turkiya TIV rahbari. 

Turkiya tashqi ishlar vazirining qayd etishicha, Germaniya parlamenti a'zolarining bugungi shartlarda «Injirlik» aviabazasiga tashrif buyurishi mumkin emas. «Kelgusida Berlin ijobiy qadamlar tashlasa, Turkiya ham shunday yo‘l tutadi», - degan Chavusho‘g‘li.

Germaniya tomonining «Injirlik» aviabazasidan o‘z harbiy kuchlarini olib chiqishiga doir tahdidlariga fikr bildirgan Chavusho‘g‘li, Germaniya lof urayotganini aytdi. «Bu aviabaza Turkiyaga qaraydi va barcha xarajatlar Turkiya tomonidan amalga oshirilmoqda. Agar Germaniya tomoni kontingentini olib chiqishni xohlasa, biz ularning fikrini o‘zgartirishga urinmaymiz», - deb qayd etgan Turkiya tashqi siyosat mahkamasi rahbari. 

Shu bilan birga, Chavusho‘g‘li 5 iyun kuni Turkiyaga Germaniya tashqi ishlar vaziri Zigmar Gabriel kelishini ma'lum qildi.

Mavzuga oid
Top