22:08 / 31.05.2017
13560

O‘zbekistonning 77,8 foiz fuqarosi oilaning asosiy mazmuni farzandda deb biladi

Mamlakatimiz fuqarolari onalik va bolalikni muhofaza qilish, oilani rejalashtirish, reproduktiv salomatlikni hamda reproduktiv huquq kafolatlarini ta'minlash kabi jamiyat taraqqiyotining muhim jabhalarida olib borilayotgan davlat strategiyasini qo‘llab-quvvatlaydi. Shuning barobarida 2014 — 2018 yillarga mo‘ljallangan aholi reproduktiv salomatligi, ayollar, bolalar va o‘smirlar sog‘lig‘ini saqlash tizimini mustahkamlash va rivojlantirish Davlat dasturi ijrosi samaradorligini oshirishda, O‘zbekiston Respublikasini rivojlantirishning beshta ustuvor yo‘nalishi bo‘yicha Harakatlar strategiyasidagi ayni yo‘nalishga ­daxldor maqsad hamda vazifalarni ro‘yobga chiqarishda o‘z hissalarini qo‘shishga tayyordirlar.

“Ijtimoiy fikr” jamoatchilik fikrini o‘rganish markazi tomonidan “Fuqarolarning reproduktiv qarashlari, reproduktiv salomatlik va reproduktiv huquq to‘g‘risida jamoatchilik fikri” mavzuida o‘tkazilgan so‘rov natijalari buni yana bir bor tasdiqladi. Aytish joizki, yurtdoshlarimizning reproduktiv salomatlik borasidagi qarashlarida ijobiy tendensiya kuzatilmoqda. Aksariyat — 77,8 foiz ­fuqarolarning qayd etishicha, oilaning mazmuni va boyligi, bu — farzandlardir. So‘rovda qatnashganlarning mutlaq ko‘pchiligi farzandlari borligini bildirgan va har yettinchi oila to‘rt nafar, har o‘ninchi oila besh va undan ko‘p bolaga ega.

2016 yilda yurtimizda 726,8 ming nafar bola dunyoga keldi.

Har birining o‘z o‘rni bor

Ahamiyatlisi, tadqiqot aholi turli qatlam vakillarining oilada bolalar maqbul soni haqidagi fikrlarini aniqlash imkonini berdi. “Nechta farzandingiz bo‘lishini istardingiz yoki istagan bo‘lar edingiz?” degan savolga respondentlar ko‘proq uchta, kamroq holda to‘rt yoki ikkita bolali bo‘lish xohishini bildirishdi. Bunda 30 yoshgacha bo‘lganlar oilada bola soni ikki nafardan oshmasligini maqbul hisoblashdi, 30 yoshdan kattalar esa ko‘proq uch farzandli bo‘lishni xohlashadi.

Darvoqe, shahar aholisi, asosan, ikki-uch boladan iborat oilani, qishloq joylarda yashovchilar esa to‘rt-besh va undan ko‘proq bolali oilani shakllantirishga moyil. Umuman, ­fuqarolarning  40 foizi oilada uchta farzandni dunyoga keltirish va ulg‘aytirishni eng maqbul, deb hisoblaydi. Bunday tendensiya oxirgi paytda kuchaymoqda.

Necha yoshda farzand ko‘rgan ma'qul?

Yurtimizda erta tug‘uruqlarning oldini olish, oilalarda ­sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish, jamiyatning tibbiy madaniyatini yuksaltirish bo‘yicha qilinayotgan keng qamrovli ishlar fuqarolarimiz ongu dunyoqarashiga sezilarli ta'sir ko‘rsatayotganini ta'kidlash zarur. Buning isbotini “Ijtimoiy fikr” so‘rovi natijalarida ham yaqqol ko‘ramiz. Chunonchi, ­tadqiqotda har to‘rtinchi respondent birinchi ­tug‘uruq uchun ayolning 20 yoshdan 25 yoshgacha bo‘lishini maqbul ­sanaydi. Ayniqsa, birinchi tug‘uruq uchun ayol 22 yoshda bo‘lishi maqsadga muvofiq, deydigan respondentlar soni ancha o‘sgan. Shu bilan birga, so‘rov ishtirokchilarining 89,3 foizi tug‘uruqlar oralig‘i kamida 2-3 yil va undan ko‘proq bo‘lishi kerak, deb hisoblaydi. Yosh kesimida olib qaraganda, 18 — 25 yoshdagilar hamda o‘rta yoshdagilar bu oraliq uch va undan ko‘proq yilni o‘z ichiga ­olishi kerakligiga urg‘u beradi.

So‘rovda oilalarning ko‘p bolali oilalarga aylanish sabablari ham aniqlandi. Ko‘pincha o‘g‘illi bo‘lish istagi to‘rtinchi va undan keyingi bolalar tug‘ilishi uchun sharoit yaratmoqda.

Jamoatchilik fikricha, oilalarimizda navbatdagi farzandni  dunyoga keltirish haqidagi qarorni er va xotin birgalikda qabul qilishadi. Aksariyat respondent­lar navbatdagi bolani dunyoga keltirish haqidagi masalani hal qilishda bo‘lg‘usi onaning (xotinning) salomatligini muhim omil, deb biladi. Farzandlar tug‘ilishini oilaning moddiy ta'minotiga bog‘liq hisoblaydiganlar esa 2014 yildagiga qaraganda besh foizdan ortiqqa kamaygan.

Jahon statistikasi ko‘rsatadiki, so‘nggi o‘n yilliklarda dunyoda  ayollarning birinchi marta ona bo‘lish yoshi uzluksiz o‘sib bormoqda. Xususan, 2013 yilda Yevropa Ittifoqi mamlakatlarida yashovchi  ayollarning 51,2 foizi 20 — 29 yoshda birinchi farzandini ­dunyoga keltirgan. Bunda birinchi tug‘uruqning o‘rtacha yoshi 28,7 yilni tashkil qiladi. Ayrim rivojlangan  mamlakatlarda 40 yoshdan keyin birinchi farzandini tuqqan onalar soni nisbatan ko‘pdir.

Oilani rejalashtirish kun tartibiga chiqmoqda

Mazkur tadqiqot asnosida aholining reproduktiv salomatlikka doir tushuncha va ko‘nikmalarini yanada oshirish sohasida hali ko‘p ishlar qilinishi kerakligi ayon bo‘ldi. Binobarin, reproduktiv salomatlik insonning sog‘lom nasl qoldirish faoliyatini anglatadi. Sog‘lom avlodlarni dunyoga keltirish esa insoniyatning kelajak taraqqiyotini belgilab beradi.  

So‘rovdan ma'lum bo‘lishicha, reproduktiv salomatlik qoidalariga amal qilishda ko‘pgina fuqarolar yetarli ko‘nikmaga ega emas. Respondentlarning katta qismi ushbu ­tushunchaga to‘liq va aniq ta'rif bera olmagan. 18-19 yoshdagi fuqarolarning 76,9 foizi, 20 — 29 yoshdagilarning 63 foizi “reproduktiv salomatlik” tushunchasi bilan kamroq tanishlar. Bu esa jiddiy masaladir.

Qolaversa, mamlakatning ko‘pchilik aholisi uchun, ularning demo­grafik va kasbiy tavsiflaridan hamda yashash joyidan qat'i nazar, “reproduktiv xuquq” tushunchasi ham mavhum bo‘lib qolmoqda.

Reproduktiv huquq, birinchi ­navbatda, farzandli bo‘lish huquqini, bolali bo‘lish yoki bo‘lmaslik masalasini mustaqil hal qilish imkoniyatini anglatadi. So‘rovda ishtirokchilarning 51,6 foizi “reproduktiv huquq” de­yilganda, “bolalarning tug‘ilishini rejalashtirish huquqi”ni ­tu­shunishini bildirgan bo‘lsa, 37,6 foizi  bu tushunchani har bir shaxsning tibbiy xizmatdan foydalanish huquqi bilan bog‘laydi.

Yana bir e'tiborli jihati, oilani rejalashtirish masalasida fuqarolarimizning yondashuv va qarashlari o‘zgarib bormoqda. Ular oilada ona va bola salomatligi hamma narsadan muhimligini, tug‘uruqlar oralig‘ini saqlash, bolalarning kelajagini ta'minlash uchun moddiy resurslarni maqbul tarzda taqsimlash zarurligini tobora chuqur anglab ­yetayotgani quvonarlidir. Jamoatchilik fikriga ko‘ra, jamiyatimizda oilani rejalashtirish usullariga xayrixohlik kuchaymoqda.

So‘rovda qatnashgan oliy ma'lumotli respondentlar oilasida farzandlar soni 2-3 nafar bo‘lsa, o‘rta va o‘rta maxsus ma'lumotli  fuqarolar 3-4 nafar va undan ko‘p farzandning otasi yoki onasidir. Oilada bolalar sonini rejalashtirish va tug‘uruqlar oralig‘iga rioya qilish uchun er ko‘proq darajada mas'ul bo‘lishi kerak, deb hisoblaydigan fuqarolar soni ham oshgani diqqatga molik.

Shunga qaramay, jamoatchilik fikrini o‘rganish natijalari tahliliga tayanib aytish mumkinki, oilani rejalashtirish masalasi aholi, ayniqsa, yoshlarning katta qismi uchun hamon asosiy muammo bo‘lib qolmoqda. Bu esa mazkur yo‘nalishdagi chora-tadbirlarni kengaytirish, joylarda tibbiy-profilaktika ishlarini jonlantirish zaruratini ko‘rsatadi.

Umuman olganda, jamoatchilik fikri so‘rovi natijalari  onalik va bolalikni muhofaza qilish, oilani rejalashtirish, reproduktiv salomatlikni ta'minlash borasidagi davlat siyosati xalqimiz tomonidan qo‘llab-quvvatlanayotganligini ko‘rsatdi. Yurtdoshlarimiz fikricha, bu jamiyatda oilaviy munosabatlarni mustahkamlashga, onalar sog‘lig‘ini asrashga, pirovardida, sog‘lom avlodni shakllantirishda har bir oila va jamiyatning mas'uliyatini kuchaytirishga xizmat qilayapti.

«Ijtimoiy fikr» jamoatchilik

fikrini o‘rganish markazi materiallari asosida

F. MAHKAMOVA tayyorladi.

Top