08:06 / 31.05.2017
14422

Putin: muhim masalalar bo‘yicha AQSh bilan kelishishimiz kerak va shart

Foto: Le Figaro

AQShda hokimiyat byurokratiyasi juda kuchli bo‘lib, ko‘pincha yaxshi rejalarning amalga oshirilishiga xalaqit beradi, biroq muhim masalalar bo‘yicha "biz kelishishimiz kerak va shart", deb aytdi Rossiya prezidenti Vladimir Putin Figaro nashriga bergan intervyusida

"Men AQShning bir necha prezidenti bilan suhbatlashganman, prezidentlar keladilar va ketadilar, biroq ularning siyosati o‘zgarmayapti. Bilasizmi nega? Chunki hokimiyatda byurokratiya juda kuchli", deb aytdi Putin va "nimanidir o‘zgartirish bu juda murakkab ishligini" qo‘shimcha qildi.  

Putin o‘z so‘zlarining isboti sifatida AQShning sobiq prezidenti Barak Obamaning Guantanamo turmasini yopish haqidagi saylovoldi va'dasini misol qilib keltirdi.

"Mana Obama – ancha ilg‘or, liberal qarashlarga ega odam, demokrat, u saylovlar oldidan Guantanamoni yopishga va'da bergandi. Va'dasini uddaladimi? Yo‘q. Nega? U buni istamaganmidi? Aminmanki, istagandi, biroq uddasidan chiqa olmadi. U haqiqatda bunga intilgandi. Uddasidan chiqa olmadi, hammasi uncha oson emas", deb aytdi Putin. 

Putinning aytishicha, bu turmada odamlar zanjirband etilgan holda sud va tergovsiz bir necha o‘n yillardan beri o‘tirishganini tasavvur qilish qiyin.

"Tasavvur qilib ko‘ring, agar Fransiya yoki Rossiya shunday qilganda nima bo‘lardi – bor budi bilan yeb qo‘yishgan bo‘lardi. Biroq AQShda buning imkoni bor va hanuzgacha davom etmoqda, darvoqe demokratiya haqidagi savolingizga misol", deb ta'kidlab o‘tdi Putin. 

"Men bu misolni barchasi juda murakkabligini ko‘rsatish uchun keltirdim. Biroq menda ozgina bo‘lsa ham optimizm bor va fikrimcha, biz ular bilan muhim masalalar bo‘yicha kelishishimiz kerak va shart", deb aytdi Putin.

Top