16:52 / 01.06.2017
18845

Plastik kartochka ishlab chiqarish o‘smoqda, biroq uning ta'minoti sifati-chi?

2017 yilning birinchi choragida Plastik kartalar ishlab chiqarish 15 foizga o‘sdi, deb xabar beradi Yagona umumrespublika protsessing markazi PR-xizmati 

Joriy yilning birinchi choragida mamlakatimizda 82 mingta plastik karta ishlab chiqarilgan, bu o‘tgan yilning shu davridagi ko‘rsatkichdan 15 foiz ko‘pdir. 2016 yilning birinchi choragida respublikamizda ishlab chiqarilgan kartalarning umumiy soni 71 mingtani tashkil etgan edi.

Yagona Umumrespublika Protsessing Markazi (YaUPM) ma'lumotlariga ko‘ra, 2017 yilning birinchi choragi mobaynida bank plastik kartalaridan foydalanilgan holda, pirovardida 14,7 trillion so‘mlik 245 mingta tranzaksiya amalga oshirilgan. Ushbu holat umumiy tranzaksiyalar soni (19,2%) bilan birga, tranzaksiyalar summasi (47,7%) ham ortganidan dalolat beradi. Jumladan, o‘tgan yilning shu davrida umumiy tranzaksiyalar soni 180 mingtani, tranzaksiyalarning umumiy summasi esa 10 trillion so‘mni tashkil qilgan edi.

Elektron tijorat bo‘yicha xulosaviy ma'lumotlarga qaraganda, 2017 yilning birinchi choragida e-commerce bilan aloqador tranzaksiyalar soni 86,5 milliontani tashkil qilib, ushbu ko‘rsatkich o‘tgan yilning mos davriga nisbatan 78 foizga ko‘p ekani e'tirof etilgan. Ya'ni, hisobot davrining bir yil avvalgi ko‘rsatkichlarida 49 millionta tranzaksiya qayd etilgan edi. Elektron tijorat bo‘yicha tranzaksiyalarning umumiy summasi 2017 yilning birinchi choragida 16 trillion so‘mni tashkil qilib, o‘tgan yilning mos davridagi 8,5 trillion so‘mga nisbatan 88 foizga o‘sishni qayd etdi.

«O‘zkart» BTT faoliyati yakunlariga ko‘ra, 2017 yilning aprel oyi davomida DUET («offlayn») kartalari orqali amalga oshirilgan banklararo tranzaksiyalar soni va umumiy summasi butun tizim bo‘yicha tranzaksiyalarning umumiy hajmida 0,7 foiz va 0,5 foiz, UZCARD EMV («onlayn») kartalari bo‘yicha tranzaksiyalar ulushi esa – muvofiq ravishda 99,3 foiz va 99,5 foiz ko‘rsatkichlarini qayd etdi.

Shu tariqa, «UZCARD» to‘lov tizimining «offlayn» platformadan «onlayn»ga o‘tishi qariyb nihoyasiga yetdi.

Tahririyatdan: Yurtimizda 20 mlnga yaqin plastik kartochka foydalanuvchilari mavjud bo‘lib, plastik kartochkalar ishlab chiqarish sonida o‘sish ko‘zga tashlanayotgan esa-da, banklarimiz tomonidan mijozlarni plastik kartochkalar bilan ta'minlash borasidagi ishlar ko‘ngildagidek yo‘lga qo‘yilgan, deb bo‘lmaydi aslo. 

Masalan, hech bir bank murojaat etilgan zahoti plastik kartochka taqdim eta olmaydi, bunga kamida 3 kun talab etiladi. Boz ustiga, keyingi paytlar plastik kartochkalar yetishmasligi ortidan avval foydalanilgan, eski plastik kartochkalar ustidagi yozuvlar o‘chirilib, yangi mizojlarga berilayotgani holatlari ham uchrab turibdi. 

Mavzuga oid
Top