08:19 / 02.06.2017
13743

FVVning asosiy vazifalari belgilab berildi

Foto: FVV

O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining “Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish tizimi samaradorligini tubdan oshirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi farmoni e'lon qilindi.

Farmon bilan quyidagilar O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligining asosiy vazifalari etib belgilandi:

tinchlik va harbiy davrda tabiiy va texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularning oqibatlarini bartaraf etish, gidrotexnika inshootlarining barqaror ishlashi, gidrometeorologik va seysmologik kuzatuvlar, kichik hajmdagi kemalardan bexatar foydalanish, suv inshootlarida fuqarolarning hayoti va sog‘ligini himoya qilish sohasida yagona davlat siyosatini ishlab chiqish va amalga oshirish;

favqulodda vaziyatlar yuzaga kelish xavfi va omillarini oldindan aniqlash, ular vujudga kelishini barvaqt profilaktika qilish va oldini olishni ta'minlash;

aholiga fuqarolarning hayoti, sog‘ligi yoki mulkiga xavf-xatar tug‘ilganda kompleks yordam ko‘rsatish, xalq bilan muloqotni, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari, fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari bilan bu borada o‘zaro yaqin hamkorlikni mustahkamlash va kengaytirish, mavjud xavf-xatarlar to‘g‘risida aholini o‘z vaqtida ogohlantirish va xabardor qilish;

favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimini hamda O‘zbekiston Respublikasining fuqaro muhofazasini rivojlantirish va boshqaruvini ta'minlash;

favqulodda vaziyatlarning yuzaga kelishi va rivojlanishi xavfini kompleks monitoring va prognoz qilishni ta'minlash, mazkur sohada gidrometeorologik va seysmik kuzatuvlar olib borish;

aholi va hududlarni tabiiy hamda texnogen xususiyatli favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish sohasida davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, mahalliy xokimiyat organlari, fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari va boshqa tashkilotlar faoliyatini, ushbu maqsadlar uchun moliyaviy, oziq-ovqat, tibbiyot va moddiy-texnik resurslarning davlat zaxira fondlarini tashkil etishga doir ishlarini muvofiqlashtirish va ularning samarali hamkorligini tashkil etish;

favqulodda vaziyatlarning oldini olish, mamlakat aholisi va hududlarini muhofaza qilish, gidrotexnik inshootlar, kichik hajmli kemalardan foydalanish xavfsizligini samarali nazorat qilish, suv havzalarida aholi xavfsizligini ta'minlash, shuningdek, favqulodda vaziyatlar yuzaga kelganda iqtisodiyot obektlari faoliyatining barqarorligini oshirishga qaratilgan tadbirlarni tayyorlash, o‘tkazish va muvofiqlashtirish bo‘yicha kompleks chora-tadbirlar hamda maqsadli ilmiy-texnik dasturlar ishlab chiqishni tashkil etish va amalga oshirish;

zamonaviy axborot-kommunikatsiya texnologiyalari va ommaviy axborot vositalaridan keng foydalangan holda aholini, mansabdor shaxslarni hamda Favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimi tuzilmalarini favqulodda vaziyatlarda harakat qilishga tizimli tayyorlash ishlarini tashkil etish va amalga oshirish;

yuqori malakali kadrlar tayyorlash va ularning malakasini oshirish, gidrometeorologik va boshqa favqulodda vaziyatlarning oldini olish va bartaraf etish sohasida ilmiy-tadqiqot ishlarini tashkil etish va amalga oshirish.

Bundan tashqari, favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish bo‘yicha hukumat va hududiy komissiyalari tashkil etiladi.

Quyidagilar Favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish bo‘yicha hukumat komissiyasining asosiy vazifalari etib belgilandi:

favqulodda vaziyatlarda ularning oldini olish va harakat qilish davlat tizimini takomillashtirish va yanada rivojlantirishning asosiy yo‘nalishlarini belgilash;

aholini va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilishga qaratilgan eng muhim masalalarni ko‘rib chiqish, vazirliklar, idoralar, Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar, shaharlar va tumanlar hokimliklarining vazifalarini belgilash va qaror qabul qilish bo‘yicha takliflar tayyorlash;

har yili favqulodda vaziyatlarning oldini olish samaradorligini oshirishga qaratilgan fuqaro muhofazasi (bahor mavsumida) hamda aholi va hududlarni favqulodda vaziyatlardan muhofaza qilish (kuz mavsumida) oyligini tashkil etish va o‘tkazish;

mahalliy davlat hokimiyati organlari, davlat va xo‘jalik boshqaruvi organlari, fuqarolar o‘zini o‘zi boshqarish organlarining avariya, halokat, tabiiy va boshqa ofatlar oqibatida jabrlangan fuqarolar, shuningdek, favqulodda vaziyatlarni bartaraf etishda ishtirok etgan shaxslarni ijtimoiy-iqtisodiy va huquqiy muhofaza qilish, tibbiy reabilitatsiya qilish masalalari bo‘yicha faoliyatini muvofiqlashtirish;

moliyaviy va moddiy resurslar davlat zaxiralarini tashkil etishni ta'minlash, shuningdek, ulardan favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish maqsadida foydalanish bo‘yicha takliflar ishlab chiqish;

favqulodda vaziyatlarning oldini olish va ularni bartaraf etish borasida xalqaro hamkorlikning asosiy yo‘nalishlarini belgilash.

O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasiga O‘zbekiston Respublikasi Favqulodda vaziyatlar vazirligi faoliyatini, shuningdek, fuqaro muhofazasi sohasida mutaxassislar tayyorlash tizimini yanada takomillashtirish bo‘yicha tashkiliy chora-tadbirlari to‘g‘risidagi O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining qarorlari loyihalarini bir hafta muddatda kiritish vazifasi topshirildi.

Top