10:09 / 03.06.2017
14646

Fransiya Paragvayga istaganicha gol urdi, so‘nggi 17 yil ichidagi ilk het-trik qayd etildi

Futbol bo‘yicha Fransiya terma jamoasi o‘rtoqlik uchrashuvida Paragvay termasini tor-mor keltirdi. Renn shahridagi stadionda bo‘lib o‘tgan bahs uch ranglilar foydasiga 5:0 hisobida yakunlandi.

Bellashuvning 6-daqiqasida Olive Jiru fransuzlarni hisobda oldinga olib chiqdi, 13-daqiqada esa «Arsenal» forvardi dubl qayd etdi. Keyingi to‘p 69-daqiqada urildi, Jiru het-trik qayd etdi. Uchrashuvning 76-daqiqasida Mussa Sissoko o‘z nomini tabloga yozdirib qo‘ygan bo‘lsa, Antuan Grizmann bir daqiqa o‘tib uchrashuvga yakuniy nuqta qo‘ydi. 

Frantsuzlar 13 iyun kuni Angliya termasi bilan o‘rtoqlik uchrashuvida maydonga tushsa, paragvayliklar 9 iyunda Peru termasi bilan to‘qnash keladi.

Fransiya terma jamoasi va «Arsenal» hujumchisi Olive Jiruning bahsdagi uchta goli esa Fransiya termasi uchun 2000 yilning 16 avgustidan beri rasmiylashtirilgan ilk het-trikka aylandi. O‘shanda «Yuventus» hujumchisi David Trezege FIFA yulduzlari jamoasi bilan o‘rtoqlik o‘yinida uch bor nomini tabloga yozdirib qo‘ygandi.

Undan avvalgi het-trik esa 1985 yilning 30 oktabr kuni qayd etilgan - «PSJ» hujumchisi Dominik Roshto 1986 yilgi jahon chempionati saralash uchrashuvida Lyuksemburgga uchta gol urgandi. 

Fransiya – Paragvay 5:0 (2:0, 3:0)
2 iyun, 00:00, «Ryu de Loren»
Gollar: 1:0 – 6 Jiru, 2:0 – 13 Jiru, 3:0 – 69 Jiru, 4:0 – 76 Sissoko, 5:0 –77 Grizmann.
Fransiya – Loris, Koselni, Mendi (Din, 67), Sidibe, Umtiti, Pogba (Kante, 46), Matyuidi, Payyet (Lemar, 46), Grizmann (Toven, 80), Jiru (Lyakazett, 73), Dembele (Sissoko, 46).
Paragvay – Silva, Patino (Samudio, 46), Alonso, Valdes, Gomes, Agilyar, Ayyala (Paredes, 63), Romero (Franko, 77), Iturbe (Ramires, 46), Benites (Dias, 46), Santander (Benites, 58).

Top