11:54 / 03.06.2017
20532

Konstitutsiyaviy sudga yangi vakolatlar berildi

31.05.2017 yildagi O‘RQ–430-son Qonun bilan Konstitutsiyaga o‘zgartirishlar kiritildi, shuningdek «O‘zbekiston Respublikasining Konstitutsiyaviy sudi to‘g‘risida» Konstitutsiyaviy qonun qabul qilindi. Hujjatlar «Xalq so‘zi» gazetasida e'lon qilindi, deb yozmoqda Norma.uz.

Xususan, o‘zgartirishlar Konstitutsiyaviy sud faoliyatiga daxl qildi. 

Birinchidan, Konstitutsiyaviy sudni Prezidentning taqdimiga binoan Oliy Majlisning Senati tomonidan Sudyalar oliy kengashi tavsiya etgan shaxslar orasidan, Qoraqalpog‘iston Respublikasining vakilini qo‘shgan holda saylash tartibi belgilandi.

Ikkinchidan, sud raisi va uning o‘rinbosari Konstitutsiyaviy sudning o‘zi tomonidan uning tarkibidan saylanadi.

Uchinchidan, sudning vakolatlariga tuzatishlar kiritildi. Mazkur sud instansiyasi Prezidentning farmonlaridan tashqari qarorlari va farmoyishlarining Konstitutsiyaga muvofiqligini aniqlash huquqiga ega bo‘ldi (ilgari – faqat farmonlar). Konstitutsiyaviy qonunlar, qonunlar va xalqaro shartnomalar ratifikatsiyasini tekshirish davlat rahbari tomonidan imzolanguniga qadar amalga oshirilishi belgilangan.

Bundan tashqari, Konstitutsiyaviy sud Oliy sudning muayyan ishda qo‘llanilishi lozim bo‘lgan normativ-huquqiy hujjatlarning Konstitutsiyaga muvofiqligi to‘g‘risida sudlar tashabbusi bilan kiritilgan murojaatini ko‘rib chiqadi.

Shu bilan birga konstitutsiyaviy sudlov ishlarini yuritish amaliyotini umumlashtirish natijalari yuzasidan har yili Oliy Majlis palatalariga va Prezidentga mamlakatdagi konstitutsiyaviy qonuniylikning holati to‘g‘risida axborot taqdim etadi.

Tuzatishlar kuchga kirganidan keyin Konstitutsiyaviy sudning amaldagi tarkibi tugatilgan hisoblanadi.

Top