22:35 / 03.06.2017
21233

Putin: NATO AQSh quroli, unda faqatgina vassallar bor

Foto:© RIA Novosti

Rossiya prezidenti Vladimir Putin NATOni AQShning tashqi siyosiy quroli deb atadi va "unda ittifoqdoshlar emas, faqatgina vassallar" borligini aytdi. Bu haqda Putin amerikalik rejissyor Oliver Stounga bergan intervyusida aytib o‘tgan. Intervyudan parchalarni Politico nashri chop etdi.

"Biror davlat NATO a'zosi bo‘lganda, unga NATOning yetakchisi bo‘lgan AQSh kabi yirik davlat tomondan o‘tkazilayotgan ta'sirga dosh berish qiyindir. Va bu davlatda istalgan narsa: raketalarga qarshi mudofaa tizimi, yangi bazalar, zarur bo‘lsa, yangi zarba berish majmualari paydo bo‘lishi mumkin. Bunday holatda biz nima qilishimiz kerak?", deb savol bilan yuzlangan Putin. 

Putin bunga javoban qarshi choralar ko‘rish kerakligini aytdi.

"Biz shu munosabat bilan aks choralar ko‘rishimiz kerak, ya'ni bizning raketa tizimlari zarbasi ostiga bizga xavf solayotgan obektlarni qo‘yishimiz kerak. Ko‘rganingizdek, vaziyat ancha asabiy", deb ta'kidlab o‘tdi Putin.

Putin uni qarorlar qabul qilish amaliyoti xavotirlantirayotgani, chunki u bu jarayon qanday yuz berishini bilishini aytgan.

Stoun Putindan olgan intervyu AQShning Showtime kabel telekanalida 12-15 iyun kunlari film tarzida namoyish qilinadi.

Top