06:11 / 04.06.2017
38649

Londonda bir nechta teraktlar sodir etildi

Hannah McKay / Reuters

Londonda 4 iyunga o‘tar kechasi odamlarga hujum qilish bilan bog‘liq 3 ta voqea yuz berdi.

Birinchi voqea London ko‘prigida yuz bergan. Bu yerda mikroavtubos haydovchisi piyodalarni bosib ketgan. So‘ngra yaqin orada joylashgan Boro-market bozorida sovuq qurol qo‘llangan holda odamlarga hujum sodir etilgani ma'lum qilingan. Ayni vaqtda ko‘prik yopilgan, politsiya yaqin oradagi binolardan odamlarni evakuatsiya qilgan.

"Soat 22:08dan boshlab politsiyachilar London-brij ko‘prigida avtomobil piyodalar bilan to‘qnashgani haqidagi xabarlarga javob bera boshlashgan", deb ma'lum qilindi Skotland-Yardda.

Ba'zi ma'lumotlarga ko‘ra, odamlar bosib ketilgan avtomobil ichidan 3 nafar qurollangan odam chiqib kelgan. Ulardan ikki nafari politsiya tomondan otib o‘ldirilgan, bir nafari qochishga muvaffaq bo‘lgan.  

"So‘ngra politsiyachilar Boro-marketda odamlarga pichoq bilan hujum qilingani haqidagi xabarga chiqishgan. Qurollangan politsiyachilar bosqinchilarga o‘q uzishgan", deb aytildi politsiyaning boshqa bir xabarida.

Guvohlar bu yerda intensiv otishma olib borilayotgani va ov pichog‘i bilan qurollangan odam restoranga kirib, u yerda xunrezlik sodir etganini ma'lum qilishgan.

"Bi-bi-si" telekanalining politsiyaga iqtibos keltirgan holda xabar berishicha, London ko‘prigidagi voqea oqibatida bir necha kishi halok bo‘lgan.

So‘ngra London politsiyasi shaharda yuz bergan uchinchi hujum haqida ma'lum qilgan.

"Hozir politsiya Voksxolldagi voqea bilan shug‘ullanmoqda", deb ma'lum qildi politsiya tvitterda. Bu tuman Temza daryosining o‘ng qirg‘og‘ida, sayyohlar orasida mashhur bo‘lgan Vestminsterdan janub tomonda joylashgan.

Sky News telekanali o‘z manbalariga iqtibos keltirgan holda, gap teraktlar haqidagi ketayotganini ma'lum qilgan. Buyuk Britaniya bosh vaziri devonxonasi Tereza Mey vaziyatdan xabardor ekanligini va muntazam ma'lumotlar olib turganini ma'lum qilgan.  

OAV ma'lumotlariga ko‘ra, teraktlar oqibatida 7 nafarga yaqin odam halok bo‘lgan, 20 dan ko‘proq odam jarohat olgan.

Politsiya yuz bergan voqealardan London ko‘prigi va Boro-market bozoridagi hujumlarni terakt sifatida tasniflagan. Voksxolldagi voqea esa terakt deb tan olinmagan, bu yerda mojaro oqibatida pichoqbozlik yuz bergan.

Hujumlar shanba kuni kechki vaqt, London ko‘chalari, sohilbo‘ylari odatdagidek odamlar bilan gavjum vaqtda sodir etildi. Bu kecha Londondagi ko‘plab pablar Chempionlar Ligasini tomosha qilgani kelgan odamlar bilan to‘la bo‘lgan.

Eslatib o‘tamiz, bundan avval Buyuk Britaniyada ikkita terakt sodir etilgandi. 22 mart kuni Londondagi parlament binosi yaqinidagi Vestminster ko‘prigida 52 yoshli terrorchi Holid Mas'ud mashinasida odamlarni bosib ketgandi. Bu hujum oqibatida 5 kishi halok bo‘lgan, 50 ga yaqin kishi jarohat olgandi. Terrorchi otib tashlangandi.

23 may kuni esa Manchesterdagi stadionda konsert vaqtida 22 yoshli hudkush Salmon Abadiy o‘zini portlatgan. Oqibatda 23 kishi, asosan bolalar va o‘smirlar halok bo‘lgan.

Mavzuga oid
Top