09:30 / 04.06.2017
36639

Londonda navbatdagi terakt, tafsilotlar

London politsiyasi mamlakat poytaxtida 3 iyun oqshomida sodir etilgan qo‘poruvchilik harakatlari oqibatida qurbon bo‘lganlar soni 6 nafar bo‘lganini ma'lum qildi. Skotland-Yard vakili Mark Roulining ma'lumotiga ko‘ra, hodisalar oqibatida 30ga yaqin kishi jarohatlangan, hujumlarni uyushtirgan 3 shaxs otib o‘ldirilgan.

«Ayni vaqtga kelib, afsuski, bizda 6 nafar qurbon haqida ma'lumot bor, politsiya hujum qilgan 3 shaxsni otib o‘ldirgan. Jarohatlanganlar soni 30 nafarga yaqin», — degan Rouli.

Politsiya hodisa tafsilotlarini ham keltirgan. «Soat 22:08da (Toshkent vaqti bilan 4 iyun kuni soat 02:28 ) bizga London ko‘prigida avtomobil piyodalar ustiga yurgani haqida ma'lumotlar ola boshladik. Mashina ko‘prikdan Boro bozoriga qarab harakatlangan. Avtomobil ichidagilar mashinadan chiqib, bir necha kishiga tig‘li jarohat yetkazgan», — degan Rouli.

«Qurollangan politsiyachilar 3 jinoyatchi bilan to‘qnashgan, ularning barchasi otib o‘ldirilgan. Politsiya ularni hodisa haqidagi xabar kelib tushganidan 8 daqiqa o‘tib yo‘q qilgan. Hujum qiluvchilar ustida xudkush anjomi ko‘rinishidagi moslamalar bo‘lgan, ammo keyin aniqlanishicha, bular soxta bo‘lib chiqdi» — deya ma'lum qilgan Rouli.

3 iyun kuni kechqurun London ko‘prigida mikroavtobus odamlar ustiga yurib, 20 piyodani bosib o‘tgan. Shundan so‘ng, avtomobil ichidagi 3 kishi, «ko‘rinishidan janubliklarni eslatgan 3 kishi» 12-dyuymli (30 santimetrdan uzunroq) pichoqlar bilan yo‘lovchilarga tashlangan. Avtomobil zigzag yo‘nalishida harakatlangan va London ko‘prigidan ketgan.

Ko‘p o‘tmay London ko‘prigi yaqinidagi Boro ko‘prigida qurolli shaxslar odamlarga hujum qilgani haqida xabarlar paydo bo‘ldi.

Top