12:21 / 05.06.2017
46780

Ruslar qaysi davlatlarni eng asosiy dushman va do‘st deb hisoblashlari ma'lum

Foto: RIA "Novosti"

Levada-markaz so‘rovnomasi ma'lumotlariga ko‘ra, Rossiyaning har beshinchi fuqarosi (21 foiz) so‘nggi vaqtlarda Moskva va Vashington o‘rtasidagi munosabatlar yaxshi tomonga o‘zgarmoqda, degan fikrda. Bu haqda «Interfaks» ma'lum qildi.

O‘z navbatida so‘rovda ishtirok etganlarning 17 foizi teskari fikrni bildirgan bo‘lsa, yana 54 foizi hozircha hech qanday o‘zgarishni ko‘rmayotganini iddao qilgan.

Shu bilan birga, so‘rovnoma qatnashchilari Rossiyaning eng yaxshi do‘sti deb Belarus (46 foiz), Xitoy (39 foiz) va Qozog‘istonni (34 foiz) hisoblaydi. Shuningdek, Rossiya bilan do‘stona bo‘lgan mamlakatlar orasida Suriya (15 foiz), Hindiston (14 foiz), Armaniston (12 foiz), Kuba (11 foiz), O‘zbekiston, Tojikiston va Ozarboyjon (9 foizdan) ham bor.

Ruslarning fikricha, eng asosiy dushmanlar – AQSh (69 foiz), Ukraina (50 foiz) va Germaniya (24 foiz) ekan. Bundan tashqari, Rossiyaga dushmanlik kayfiyatida bo‘lgan mamlakatlar sifatida Latviya va Litva (24 foizdan), Polsha (21 foiz), Estoniya (16 foiz), Buyuk Britaniya (15 foiz), Gruziya (9 foiz) va Fransiya (8 foiz) ham tilga olingan.

Top