11:10 / 06.06.2017
7122

Google kompaniyasining xoldingi aksiyalari narxi 1000 dollardan qimmatlashdi

Foto: Google Images

Alphabet xoldingi aksiyalarining bir donasi o‘z tarixida birinchi marta ming dollardan qimmatlashdi. Shunday qilib, tarkibiga Google kompaniyasi ham kiruvchi xoldingning bozor kapitallashuvi 690 mlrd dollardan ortdi.

Nyu Yorkning NASDAQ birjasida Alphabet aksiyasi deyarli bir foizga o‘sib, donasi 1005 dollarga yetdi. 2017 yil boshidan beri kompaniya qimmatli qog‘ozlari narxi 25 foizdan ko‘pga qimmatlashdi. Bu o‘sish korporatsiyaning asosiy daromad manbai – Google kompaniyasining reklamalardan tushayotgan daromadi ortishi bilan bog‘liq, deb yozadi Forbes.

2017 yil birinchi choragi yakunlariga ko‘ra, kompaniyaning reklamadan ko‘rgan daromadi yildan-yilga nisbatda 19 foizga o‘sgan va 21,4 mlrd dollarni tashkil etgan. Bundan tashqari, boshqa yo‘nalishlar, xususan, Waymo muqobil avtomobillar tizimi, Android platformasi va YouTube videoxosting xizmati daromadlari ham oshgan.

Alphabet xoldingi kapitallashuvi bo‘yicha birgina Apple kompaniyasiga imkoniyatni boy bermoqda. Tishlangan olmali kompaniyaning bu boradagi ko‘rsatkichi 802 mlrd dollardan oshadi.

Fortune nashrining qayd etishicha, Google aksiyalarining narxi birinchi marta 1000 dollardan qimmatlashgani yo‘q. 2014 yili kompaniya aksiyasi 1200 dollargacha ham ko‘tarilgan edi. Biroq, 2015 yil avgustida Alphabet xoldingi tashkil etilganidan beri ilk marotaba aksiyalar 1000 dollarlik ko‘rsatkichdan oshgan. 

Forbes jurnaliga ko‘ra, Google kompaniyasi asoschilaridan har biri — Larri Peyj va Sergey Brinning boyligi 5 iyun kuni 360 mln dollarga ko‘paydi. Peyj va Brin Forbes tasnifi bo‘yicha dunyoning eng badavlat insonlari ro‘yxatida 12-13 o‘rinlarni egallab turibdi. Jurnal ularning boyligini 47 mlrd va 46 mlrd dollar deb baholmoqda. 

Top