09:14 / 06.06.2017
6268

Qatar Airways Saudiya Arabistoni, BAA, Misr va Bahraynga parvozlarni to‘xtatdi

Foto: Pius Koller imagebroker.com / Globallookpress

Qatarning Qatar Airways milliy aviatashuvchisi Saudiya Arabistoni, BAA, Misr va Bahraynga parvozlarni to‘xtatdi. Ular kecha Qatar bilan diplomatik munosabatlarni uzishgandi, deb xabar berdi aviakompaniya matbuot xizmati.

"Ushbu qaror bilan reyslari qamrab olingan barcha yo‘lovchilarga muqobil variantlar taqdim etiladi, jumladan, foydalanilmagan istalgan chiptalar qiymati to‘la qaytarilishi va Qatar Airways aviayo‘nalishlari tarmog‘idagi eng yaqin borish punktiga bo‘lgan reysga qaytadan ro‘yxatdan o‘tishlari mumkin", - deyiladi xabarda.

Dushanba kuni Bahrayn, BAA, Saudiya Arabistoni, Misr, Yaman, Liviya vaqtinchalik hukumati, Maldiv va Mavrikiy Respublikasi Qatar bilan diplomatik aloqalarni uzishlari haqida ma'lum qilishdi. Ularning fikricha, Qatar amirligi terrorizm va ekstremistik mafkurani qo‘llab-quvvatlaydi, arab davlatlariga nisbatan dushmanlik kayfiyatidagi siyosatni olib boradi hamda boshqa mamlakatlar ichki ishiga aralashadi. Ba'zi davlatlar esa qo‘shimcha choralar haqida ham ma'lum qilishdi. Xususan, Qatar bilan dengiz va aviaqatnov to‘xtatiladi, shuningdek, ushbu davlat diplomatlari hamda fuqarolari chiqarib yuboriladi.

Qatar hukumati esa holatdan afsusda ekani va bunday qarorlarni asoslanmagan, deb atadi.

Mavzu
Fors ko‘rfazi inqirozi
Fors ko‘rfazida jiddiy siyosiy inqiroz yuzaga keldi. Saudiya Arabistoni, Misr, Bahrayn, BAA, Yaman, Liviya va Maldiv boshqa bir arab davlati Qatar bilan diplomatik aloqalarni uzdi. Bunga Qatar Eronni va terrorizmni qo‘llagani sabab sifatida ko‘rsatilmoqda.
Barchasi
Top