12:24 / 07.06.2017
8835

Avtoulovni tunamoqchi bo‘lgan talonchi qo‘lga olindi

Illyustrativ foto

Toshkent shahrining Olmazor tumanida avtomobil ichidan katta miqdorda pulni o‘marishni niyat qilgan talonchi qo‘lga olindi. 2017 yil 5 iyun kuni taxminan soat 13:00larda Bekzod Nurmamatovich Pirnazarov, o‘zganing mulkini talon-toroj qilish maqsadida Olmazor tumanida fuqaro Sh.A.ga  tegishli bo‘lgan «Kobalt» avtomashinasidan 764 ming so‘m miqdordagi naqd pullarini olib, hodisa joyidan pullar bilan yashirinmoqchi bo‘lgan vaqtida avtomashina egasi tomonidan ko‘rib qolinib, daliliy ashyo bilan ushlangan. 

Mazkur holat yuzasidan, Toshkent IIBB matbuot xizmati xabar qilishicha, Olmazor tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 166-moddasi 1-qismi (o‘zganing mulkini ochiqdan-ochiq talon-toroj qilish) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

Pirnazarovga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. 

Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom ettirilib, uning boshqa jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda. 

Shu munosabat bilan, Toshkent shahar IIBB yuqoridagi shaxsning xatti-harakatidan jabr ko‘rganlar bo‘lsa, «102» telefon raqamiga yoki yaqin atrofdagi ichki ishlar idoralariga murojaat etishlarini so‘rab qoladi.

Top