08:46 / 07.06.2017
13212

Erdo‘g‘an arab davlatlari bilan ixtilofda Qatarni qo‘llab-quvvatlamoqda

Foto: kremlin.ru

Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Anqara Qatar bilan diplomatik aloqalarni davom ettirishini va Qatarning Fors ko‘rfazi davlatlari tomondan yakkalanishiga qarshi chiqishini aytdi. Bu haqda Anadolu axborot agentligi xabar bermoqda. 

"Biz Qatarga qarshi sanksiyalarni to‘g‘ri qaror deb hisoblamaymiz. Bizga birdamlik va hamkorlik juda kerak bo‘lgan bir paytda, bu vaziyat mintaqada hech kimga foyda keltirmaydi. Qatarning o‘zini bosiq tutayotganini ma'qullaymiz. Biz u bilan munosabatlarni rivojlantirishni davom ettiramiz", deb aytdi Erdo‘g‘an Turkiyaning Adolat va taraqqiyot partiyasi faollari oldidagi nutqida.

"Qatarning yakkalanishi birorta muammoni hal qilmaydi. Biz bu inqirozni hal qilish uchun imkoni bor barcha ishni qilmoqdamiz va qilamiz", deb qo‘shimcha qildi Erdo‘g‘an.  

Uning aytishicha, ayni vaqtda mintaqa davlatlari "har qachongidan ko‘proq hamkorlik qilishlari va birdamlik namoyon qilishlari lozim". 

Mavzu
Fors ko‘rfazi inqirozi
Fors ko‘rfazida jiddiy siyosiy inqiroz yuzaga keldi. Saudiya Arabistoni, Misr, Bahrayn, BAA, Yaman, Liviya va Maldiv boshqa bir arab davlati Qatar bilan diplomatik aloqalarni uzdi. Bunga Qatar Eronni va terrorizmni qo‘llagani sabab sifatida ko‘rsatilmoqda.
Barchasi
Top