11:27 / 08.06.2017
7886

18 mingdan ko‘proq nomzoddan Marsga yuborilishi mumkin bo‘lgan 12 bo‘lg‘usi fazogir tanlab olindi

Foto: © Flickr

Xyustondagi Jonson nomidagi koinot markazidagi tantanali marosimda NASA rahbari lavozimini bajaruvchi Robert Laytfut Oy sarhadlaridan uzoqroqqa parvozlar amalga oshiruvchi va ehtimol birinchi bo‘lib Marsga jo‘natilishi mumkin bo‘lgan fazogirlar guruhiga 5 ayol va 7 erkak tanlab olinganini ma'lum qildi.  

"Siz Amerikadagi eng yaxshilar ichra eng yaxshilarsiz... NASAning butun jamoasi sizga bo‘lg‘usi missiyaga tayyorlanishingizda yordam berishga tayyor", deb aytdi Laytfut.

2017 yilda fazogirlarga qabul qilinishga rekord sondagi odam – 18 ming 353 kishi ariza bergandi. AQShda bu kasbga hali hech qachon qiziqish bunday yuqori bo‘lmagan. Bungacha bu borada rekord yil 1978 yil hisoblanib kelinardi, o‘shanda 8 ming nomzod arizasi qabul qilingandi. 

Bo‘lg‘usi fazogirlarni tanishtirish marosimida shuningdek AQSh vitse-prezidenti Mayk Pens ham ishtirok etdi. U "Siz ichimizdagi eng yaxshilarisiz va sizni oldinda Oydan uzoqroqqa parvoz qilish kutib turibdi va ehtimol siz Marsga birinchi bo‘lib uchadigan insonlar bo‘lasiz", deb aytgan. Pens fazoriglarni tabriklab, ularga "hali hech kim bo‘lmagan joylarda javob topish uchun jur'atli bo‘lishni" tilab qoldi.

Tanlovda ishtirok etish uchun arizalar qabul qilish 2015 yil dekabrdan 2016 yil fevralgacha davom etgan. Tanlovda AQShning muhandislik, biologiya, tibbiyot, kompyuter va matematika sohasida bakalavr ilmiy darajasiga ega bo‘lgan fuqarolari va kamida ming soat parvoz qilgan harbiy uchuvchilari qatnashishlari mumkin bo‘lgan.

NASAda ta'kidlanishicha, bo‘lg‘usi fazogirlar 2-3 yillik tayyorgarlikdan o‘tishlari kerak bo‘ladi. Ular kelgusida nafaqat Xalqaro koinot stansiyasiga, balki yer atrofi orbitasi va Oydan uzroqroqqa hozirda qurilayotgan Orion kemasida parvoz qilishlariga va Marsga uchish uchun hozirlik ko‘rishlariga to‘g‘ri keladi. Fazogirlar NASAga tegishli Orion’dan tashqari, SpaceX kompaniyasining Crew Dragon va Boeing kompaniyasining CST-100 Starliner koinot kemalarida ham uchishlariga to‘g‘ri kelishi mumkin.

Avvalgi fazogirlarga qabul 2013 yilda amalga oshirilib, unda 4 ayol va 4 erkakdan iborat guruh shakllantirilgandi.

Bo‘lg‘usi fazogirlar oldilarida turgan ulkan maqsadlarni bajarish uchun joriy avgustdayoq Xyustonga tayyorgarlikni boshlash uchun keladilar.

Mavzuga oid
Top