15:26 / 08.06.2017
8118

Shaxsiy ma'lumotlarni qora bozorda pullagan Apple xodimlari qo‘lga olindi

Xitoyning Chjetszyan provinsiyasi politsiyasi Apple mahsulotlarini tarqatish bilan shug‘ullanuvchi 22 nafar kompaniya xodimini qo‘lga oldi. Ular 7,3 million dollarlik qiymatdagi foydalanuvchilar ma'lumotlarini sotishda ayblanmoqda.

Politsiya ma'lumotlariga ko‘ra, yovuz niyatli kimsalar shaxsiy ma'lumotlarga kirish uchun kompaniyaning ichki bazasidan foydalanishgan. Shundan so‘ng ular telefon nomerlari, foydalanuvchilarning ismi sharifi va Apple ID'larini yuklab, qora bozorda sotishgan. 

Xodimlar bir ma'lumotning o‘zidan 2 dollardan 25 dollargacha pul ishlashgan, o‘tgan vaqt ichida esa sotuvlardan 7,3 million dollar tushgan. To‘rt oycha davom etgan tergov yakunlariga ko‘ra, gumondorlar shaxsiy hayotga aralashish va shaxsiy ma'lumotlarga noqonuniy kirishda ayblangan.

Ularning qilmishidan Apple'ning qancha foydalanuvchisi jabrlangani noma'lum. Kompaniya bu borada hozircha hech qanday izoh bermadi. Engadget nashriga ko‘ra, jabrlanganlar faqatgina Xitoy fuqarolari emas...

Top