14:18 / 08.06.2017
20192

OAV arab davlatlari Qatarga qo‘yayotgan shartlardan xabar topdi

Foto: Reuters

Saudiya Arabistoni, BAA, Misr va boshqa arab davlatlari Qatar bilan diplomatik aloqalarni tiklash uchun talablari keltirilgan ro‘yxatni tayyorlagan. Bu haqda The Wall Street Journal nashri o‘z manbasiga asoslanib xabar tarqatdi.

Ma'lum bo‘lishicha, bu davlatlar Qatardagi «Al-Jazira» telekanali efiri hajmi kamaytirilishini (Bundan ko‘zlangan maqsad, telekanal dasturlari Fors ko‘rfazi va arab dunyosi manfaatlariga zid kelmasligini ta'minlashdir), ekstremistik guruhlarni hamda «Musulmon birodarlar» harakatini qo‘llab-quvvatlashni to‘xtatishni talab qilgan.

Qayd etilishicha, ushbu ro‘yxat hali yakuniy holatga keltirilmagan. Bu ro‘yxat yaqin vaqtlar ichida taqdim etilishi kutilmoqda.

5 iyun kuni Saudiya Arabistoni, Misr, Bahrayn va BAA Qatar bilan diplomatik va konsullik munosabatlarini uzganini e'lon qildi. Ular rasmiy Dohani terrorchilik tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash hamda Yaqin Sharqdagi vaziyatni izdan chiqarishda ayblashdi.

Keyingi kunlar davomida Liviyaning sharqiy hududlari hukumati, Yaman, Maldiv orollari, Mavrikiy, Mavritaniya, Komor orollari va Jibuti ham keyinchalik Qatar bilan shunday yo‘l tutishdi. Iordaniya Qatar bilan munosabatlari darajasini kamaytirdi.

Saudiya Arabistoni Qatar bilan quruqlikdagi aloqani to‘xtatgan. Qatar uchun bu jiddiy zarba bo‘lishi kutilmoqda. Amirlik oziq-ovqat mahsulotlarining yarmini Saudiya Arabistonidan olardi.

Mavzu
Fors ko‘rfazi inqirozi
Fors ko‘rfazida jiddiy siyosiy inqiroz yuzaga keldi. Saudiya Arabistoni, Misr, Bahrayn, BAA, Yaman, Liviya va Maldiv boshqa bir arab davlati Qatar bilan diplomatik aloqalarni uzdi. Bunga Qatar Eronni va terrorizmni qo‘llagani sabab sifatida ko‘rsatilmoqda.
Barchasi
Top