17:12 / 08.06.2017
7803

JCh-2018 saralashi. Avstraliya o‘z maydonida Saudiyani yengdi

JCh—2018 saralash bosqichida V guruhda 8-tur uchrashuvlari boshlandi.

Bugun Avstraliya o‘z maydonida Saudiya Arabistonini qabul qildi. Uchrashuvda mezbonlar qiyinchilik bilan 3:2 hisobidagi g‘alabaga erishdi.

Mezbonlar o‘yinning 7-daqiqasidayoq hisobni ochishga erishdilar, gol muallifi – Tomi Yurich. «Sokkeruzlar»ning quvonchi uzoqqa cho‘zilmadi, birinchi bo‘lim o‘rtalarida Salim Al-Dosari muvozanatni tiklovchi gol muallifiga aylandi.

36-daqiqada mezbonlarning tezkor hujumlari o‘z samarasini berdi, o‘ng qanotdan uzatib berilgan to‘pga Yurich boshi bilan zarba berdi va uni darvozaga joylab qo‘ydi - 2:1.

Hakam tomonidan birinchi bo‘limga qo‘shib berilgan daqiqalarning so‘nggisida saudiyaliklar hujumchisi Muhammad al-Shahlaviy raqib jarima maydonchasi ichida paydo bo‘ldi va to‘pni to‘xtatib o‘tirmay darvoza tomon chiroyli zarba yo‘lladi, hisob ikkinchi marta tenglashdi - 2:2.

Uchrashuvning ikkinchi bo‘limi Avstraliyaning ketma-ket hujumlari bilan boshlandi va bu 64-daqiqada o‘z samarasini berdi. Maydon markazida mehmonlar xatoga yo‘l qo‘yishdi, bundan foydalangan mezbonlar zudlik bilan qarshi hujumga o‘tishdi. Tom Rogich jarima maydoni tashqarisidan kuchli zarba berdi va to‘pni darvozaga joyladi. Shu hisob o‘yin so‘nggiga qadar saqlanib qoldi.

Endilikda V guruhida uchta terma jamoada bir xil - 16tadan ochko bor. 7ta o‘yin o‘tkazgan Yaponiya to‘plar nisbatiga ham ko‘ra birinchi o‘rinda (14-5). Saudiya Arabistoni ikkinchi (15-8), Avstraliya uchinchi (14-8).

JCh-2018 saralashi, Osiyo qit'asi
Avstraliya - Saudiya Arabistoni — 3:2
Gollar: 1:0 – 7, Yurich, 1:1 – 23, Al-Dosari, 2:1 – 36, Yurich, 2:2 – 45(+2), Al-Shahlavi, 3:2 – 64, Rogich.
Avstraliya: Rayan, Smit (Bexich, 46), Seynsberi, Makgouen, Degenek, Muy, Rogich, Irvayn (Kruz, 63), Yedinak, Lekki, Yurich (Luongo, 85).
Saudiya Arabistoni: Al-Musaylim, Xavsaviy, Xavsaviy, Al-Burayk, Al-Zori, Al-Xaybari (Otayf, 68), Al-Faraj, Al-Jassim, Al-Shahri (Asiri, 82), Al-Dosari (Al-Muoshar, 82), Al-Shahlavi.

Mavzuga oid
Top