16:50 / 09.06.2017
14555

Kassaga emas, kissaga: Namanganda davlat pullarini talon-toroj qilgan shaxs qamaldi

Zoxir Qobulov (ism-familiyalar o‘zgartirilgan) tuman tibbiyot birlashmasiga qarashli xo‘jalik hisobidagi pulli xizmat ko‘rsatish bo‘limi buxgalteriyasiga kassir bo‘lib ishga kelganidayoq niyati pok emas ekan. U avvaldan bu bo‘limda yaxshigina “pul aylanishi”ni bilar, shu bois “moyli ish”dan bir nimali bo‘lib qolishni rejalashtirardi, deb yozadi “Huquq” gazetasi.

U jirkanch niyatini amalga oshirishda qiynalmadi. Sababi, bo‘lim hisobchisi Jasur Kamolov ham undan qolishmas, bir necha marta sudlangani ham uning “ko‘zini ochmagandi”.

Ma'lumki, amaldagi qonunlar talabiga ko‘ra, barcha chakana savdo korxonalari, shuningdek, aholiga xizmat ko‘rsatuvchi korxonalarda tushgan naqd pul mablag‘lari har kuni bank muassasasiga topshirilishi shart. Z.Qobulov kassir sifatida buni juda yaxshi bilardi. Biroq u o‘zi ishlayotgan bo‘limda 2015 yil 1 oktabrdan 2016 yil 26 yanvariga qadar tibbiy ko‘rikdan o‘tgan fuqarolarga ko‘rsatilgan tibbiy xizmat uchun olingan jami 36 mln. 643 ming so‘m naqd pulni bankka topshirmay, o‘z ehtiyojlari uchun ishlatib yuboradi. Shuningdek, u 2015 yil oktabr oyida ikki nafar xodimining 1 mln. 300 so‘m miqdoridagi oylik ish haqlarini bermay, o‘z ehtiyoji uchun sarflaydi.

U jinoiy harakatlarini davom ettirib, 2016 yil yanvar oyida to‘rt nafar xodimga jami 1 mln. 800 ming so‘m ortiqcha ish haqi to‘lab yuborib, byudjyet mablag‘larini talon-toroj qiladi.

Namangan viloyati sog‘liqni saqlash boshqarmasining xususiylashtirish va pulli xizmatni tashkil etish bo‘limi boshlig‘i hamda tuman tibbiyot birlashmasi boshlig‘i tomonidan 2015 yil 9 sentabrda tasdiqlangan “Xodimlarning ish haqlarini belgilovchi tibbiy xizmat ko‘rsatish narxnomasi”ga asosiy 2015 yil sentabr oyidan 2016 yil yanvar oyiga qadar xo‘jalik hisobidagi bo‘limning 9 nafar xodimiga bajargan ishlari bo‘yicha jami 49 mln. 151 ming so‘m ish haqi hisoblanishi lozim edi. J.Kamolov esa narxnomani tasdiqlatgach, uning birinchi nusxasini viloyat sog‘liqni saqlash boshqarmasiga taqdim etadi. Ikkinchi nusxasiga esa g‘arazgo‘ylik va boshqa manfaatlarni ko‘zlab soxta ma'lumotlar hamda yozuvlar kiritadi. Shuningdek, IFA laboratoriya bo‘limi 9 nafar xodimining xizmat ko‘rsatish daqiqalarini kamaytirib ko‘rsatib, jami 25 mln. 560 ming so‘m ish haqlarini hisoblamay, ularning huquqlari va qonun bilan qo‘riqlanadigan manfaatlariga ziyon yetkazadi.

Har ikkala qonunbuzarning qilmishi fosh etilib, sud hukmi bilan ular jinoiy javobgarlikka tortildi.

Top