08:50 / 09.06.2017
23733

Putin Rossiyaning bosh tanqidchilaridan biri unga yoqishini aytdi

foto: Nataliya Gubernatorova

Rossiya prezidenti Vladimir Putin rejissyor Oliver Stounga bergan intervyusida amerikalik respublikachi senator Jon Makkeyn unga vatanparvarligi bilan yoqishini tan oldi, biroq AQShni o‘tmish merosidan voz kechishga va Moskva bilan birga terrorchilik kabi real tahdidlarga qarshi kurashishga chaqirdi.

Intervyu vaqtida Stoun Putindan Makkeyn tomondan taklif qilingan, Rossiyaga qarshi sanksiyalarni bekor qilishga nisbatan taqiqlov kiritishni ko‘zda tutuvchi tashabbusga izoh berishni so‘radi.

"Aslida u menga bir oz yoqadi ham, ha-ha, hazillashmayapman, u menga o‘zining vatanparvarligi va o‘z davlati manfaatlarini himoyalashdagi izchilligi bilan yoqimli", deb javob bergan Putin Makkeynni nazarda tutib. 

Shu bilan birga Putin Makkeyn kabi qarashlarga ega odamlar "hali ham eski zamonlarda yashashlarini va kelajakka boqishni, dunyo qanchalik tez o‘zgarayotganini anglashni istamasliklari, real tahdidlarni ko‘rmasliklari va ularni doimo o‘tmishga tortuvchi o‘z o‘tmishlaridan qutula olmasliklarini" aytdi.

Putinning aytishicha, hozir Rossiya va AQShda xalqaro terrorchilik, nochorlik, atrof-muhitning ifloslanishi kabi insoniyatga haqiqatan ham xavf soluvchi umumiy tahdidlar bor. "Shunchalik ko‘p yadroviy qurol jamlaganmizki, bu butun dunyo uchun tahdidga aylanishi mumkin. Bizga bu haqda bir oz o‘ylab ko‘rish zarar qilmagan bo‘lardi, bizda ustida ishlashimiz kerak bo‘lgan ishlar bor", deb aytdi Putin.

Makkeyn o‘zining Rossiyaga qarshi tanqidiy fikrlari bilan ma'lum. Jumladan, u may oyi oxirida Rossiya dunyodagi xavfsizlikka IShID terrorchilik guruhidan ko‘proq xavf solishini aytgandi.

Top