18:13 / 12.06.2017
11106

Toshkentda 25 ming dollarni olib, o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborgan firibgar ushlandi

2015 yilning taxminan may oyida Yashnobod tumani hududida, muqaddam firibgarlik jinoyatini sodir etganligi uchun sudlangan Nurali Sadritdinovich Rizaqulov tanishi Erali Sobirovning (jabrlanuvchining anketa ma'lumotlari o‘zgartirilgan) ishonchiga kirib, unga «Otchopar» bozoridan do‘kon olib berishni va'da qilib, 25.500 AQSh dollari miqdoridagi pul mablag‘larini olib, o‘z ehtiyojlariga sarflab yuborgan. Bu haqda Toshkent IIBB xabar berdi

Shundan so‘ng, Sobirov ikki yil davomida Rizakulovdan va'dasini bajarishini yoki pullarini qaytarib berishini talab qilganida, u turli xil bahonalar bilan aldab kelganligi sababli, Sobirov tegishli tartibda huquqni muhofaza qiluvchi organlarga yordam so‘rab, ariza bilan murojaat etgan. 

2017 yilning 05 iyun kuni, Sobirovning arizasiga ko‘ra Yashnobod tumani IIB huzuridagi Tergov bo‘limi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 3-qismi «a» bandi (firibgarlik, ya'ni o‘zganing mulkini aldash va ishonchni suiiste'mol qilish yo‘li bilan ko‘p miqdorda qo‘lga kiritish) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan.

Rizaqulovga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom ettirilib, uning boshqa jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda. 

Yuqoridagi shaxsning xatti-harakatidan jabr ko‘rganlar bo‘lsa, «102» telefon raqamiga yoki yaqin atrofdagi ichki ishlar organlariga murojaat etishlari mumkin.

Mavzuga oid
Top