12:00 / 13.06.2017
6443

Abdulaziz Komilov BMT rahbari bilan muzokaralar bo‘yicha ma'lumot berdi

O‘zbekiston Respublikasi Tashqi ishlar vaziri Abdulaziz Komilov BMT bosh kotibi Antoniu Guterrishning O‘zbekistonga tashrifi yakunlari to‘g‘risida intervyu berdi. 

Vazirning «O‘zbekiston» telekanaliga bergan intervyusi O‘zbekiston TIV rasmiy saytiga joylashtirilgan. Komilov intervyusida Guterrish va prezident o‘rtasida o‘tkazilgan muzokaralarda bir qator dolzarb masalalar ko‘tarilganini ma'lum qilgan.

«Birinchidan, mintaqadagi vaziyat, Afg‘oniston, xavfsizlik muammolari. Ikkinchidan, mintaqaviy hamkorlik, uchinchidan, suv masalalari bo‘yicha hamkorlikni ko‘rib chiqishdi. To‘rtinchidan, Birlashgan millatlar tashkiloti ekologiya masalalari, ayniqsa, Orolbo‘yidagi masalalarni hal qilishda qanday yordam berishi mumkinligini», — deydi Abdulaziz Komilov.

Uning aytishicha, tomonlar suv masalasiga katta e'tibor qaratgan.

BMT bosh kotibi uchrashuvda tashkilot tomonidan mintaqadagi vaziyat yuzasidan olib borilayotgan ishlar haqida ma'lumot bergan: tashkilot ikkita jiddiy konvensiya tayyorlagan — Amudaryo va Sirdaryo bo‘yicha konvensiyalar.

«Janob Gutterish Qozog‘istonda ham shu masalani ko‘tardi. Qirg‘iziston va Tojikistonga borganida ham shu masalani ko‘taradi. Birlashgan Millatlar Tashkiloti nomidan.

Ushbu ikkita konvensiyani amalga oshirishda Birlashgan Millatlar Tashkiloti shu davlatlar bilan birga ishlashga tayyor. Bu juda katta yutuq, bu juda yaxshi qadam. Nega deganda bu muammolar, 20—25 yildan buyon kun tartibida bor, ammo qandaydir siljish, qandaydir ijobiy natijaga ega bo‘lganimiz yo‘q. Agar buni oxirigacha olib borib hal qilsak, bu juda katta yutuq bo‘ladi», — deydi Abdulaziz Komilov.

Top