17:29 / 13.06.2017
57910

O‘zbekistondagi mobil aloqa operatorlariga jazo qo‘llandi

Foto: Sputnik

O‘zbekistondagi mobil aloqa operatorlariga tarmoq sifat ko‘rsatkichlari yomonlashuvi bo‘yicha moliyaviy sanksiyalar (jarimalar) qo‘llandi. Bu haqda Aloqa, axborotlashtirish va telekommunikatsiya texnologiyalari sohasida nazorat bo‘yicha davlat inspeksiyasi matbuot xizmati ma'lum qilgan.

Mobil aloqa xizmatlari iste'molchilari huquqlarini himoya qilish va sifatli xizmatlar ko‘rsatilishini ta'minlash maqsadida inspeksiya tomonidan operatorlarning oylik ma'lumotlari va tarmoq sifat ko‘rsatkichlari tahlil qilingan.

O‘tkazilgan tahlil natijalari barcha operatorlarining mobil aloqa tarmoqlari sifat ko‘rsatkichlari yomonlashganini ko‘rsatgan:

- radioaloqa uzatkichlari ishlashida korxonaning aybi bilan uzilishlar;
- muvaffaqiyatsiz ulanishlar soni;
- o‘rnatilgan ulanishda abonent tashabbusi bilan bo‘lmagan uzilishlar soni;
- internet tarmog‘iga muvaffaqiyatsiz ulanishlari soni;
- internet tarmog‘ida o‘rnatilgan ulanishlarda abonent tashabbusi bilan bo‘lmagan uzilishlar soni.

«Yuqorida keltirilgan sifat ko‘rsatkichlari tahlili, litsenziya shartnomasi talablari bajarilmagani va mobil aloqa tarmog‘i sifat ko‘rsatkichlarning yomonlashuvi, shuningdek operator aybi bilan yuzaga kelgan asosli murojaatlar bo‘yicha Inspektsiya tomonidan O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining «Aloqa sohasidagi me'yoriy hujjatlar, davlat va tarmoq standartlari talablarini, ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini buzganlik uchun moliyaviy sanksiyalar (jarimalar) to‘g‘risida»gi 2000 yil 14 avgustdagi 318- son qaroriga asosan mobil aloqa operatorlariga moliyaviy sanksiyalar (jarimalar) qo‘llanildi», deyilgan xabarda.

Lisenziya shartnomasi talablari bajarilishi va mobil aloqa xizmatlaridan foydalanuvchilarning huquqlarini himoya qilish maqsadida barcha mobil aloqa operatorlariga tegishli ko‘rsatmalar berilgan.

Top