03:00 / 14.06.2017
61792

Insoniyat tarixdagi eng qisqa davom etgan urushlar

Yetti yillik, O‘ttiz yillik va hattoki Yuz yillik urush fonida jahondagi barcha ziddiyatlar o‘ta arzimas bo‘lib tuyuladigandek. Biroq yashin tezligida sodir bo‘lgan urushlar zamonaviy dunyoning rivojiga ulardan ko‘ra ko‘proq o‘z ta'sirini o‘tkazgan. Blitskrig taktikasining birinchilardan bo‘lib qo‘llagan sarkarda Napoleon Bonapart bo‘lgan. U 1814 yil bir hafta ichida feldmarshal Blyuxerning armiyasini yakson qilgan. 12 fevral kuni boshlangan janglar seriyasi tarixga «Olti kunlik urush» sifatida kirgan. Trendymen.ru o‘sha va tarix o‘lchovi bilan qaraganda juda tez kechgan boshqa urushlarning kichikroq sharhini tayyorladi.

Olti kunlik urush. 1814 yil

Frantsuz sarkardasining bu qadar tezlik bilan g‘alabaga erishish siri — ikir-chikirigacha o‘ylangan strategiya hosilasi edi. Ittifoqchi pruss-rus qo‘shinlari fransuz armiyasidan son jihatidan bir necha barobar ko‘proq edi, lekin bu ustunlik janglarda katta rol o‘ynamagan. Napoleonning rejasi oddiy tezisga asoslangan edi: bo‘lib tashla va hukmronlik qil. Imperator marshda ancha siyraklashgan Silez qo‘shinlariga hujum uyushtiradi va har bir zarbaga o‘z armiyasining butun qudratini jo qilaveradi. Natijada, Blyuxerning qo‘shinlarini old-orqasiga qaramay qochishgina muqarrar o‘limdan asrab qoladi, Bonapart esa urushni olti kunda yakunlagan.

Folklend urushi. 1982 yil

Folklend orollari Buyuk Britaniya va Argentina o‘rtasida garchi qisqa davom etgan bo‘lsa-da, qaqshatqich urushga sabab bo‘ldi. Boz ustiga, na u tomon, na bunisi bu mojaroni haligacha rasman urush hisoblamay keladi, janglar «o‘zining qonuniy hududi ustidan nazorat o‘rnatish», deb atalgan. To‘liq bo‘lmagan 74 kun ichida Buyuk Britaniya ishonchli g‘alabaga erishib, Folklend orollari ustidan nazoratni o‘zida qoldiradi.

Ikkinchi Bolqon urushi. 1913 yil

Unchalik uzoq davom etmagan (bor-yo‘g‘i bir oy), lekin o‘ta qonli Ikkinchi Bolqon urushi ikki davlat — Germaniya va Avstriya-Vengriyaning sa'y-harakatlari bilan alanga oladi. Shakllangan Bolqon ittifoqi bu mamlakatlarning manfaatiga aslo to‘g‘ri kelmasdi: bir nechta ustalik bilan qo‘llangan siyosiy provokatsiyadan so‘ng hududlarning bo‘linganidan norozi Bolgariya Serbiya va Gretsiyaga hujum qiladi. Natijada Bolgariya tamoman tor-mor etiladi. Bolqon ittifoqining o‘zi esa tarix sahifasidan o‘chadi. Shunisi e'tiborliki, urush harakatlaridan so‘ng imzolangan sulh bitimi Bolqondagi siyosiy vaziyatni tubdan o‘zgartirib yubordi va uning keyinchalik keskinlashuvi Birinchi jahon urushi uchun tamal toshi bo‘lib xizmat qildi.

Xitoy-Vetnam urushi. 1979 yil

Xitoy va Vetnam o‘rtasidagi qurolli to‘qnashuv tarix sahifasiga sotsialistik davlatlar o‘rtasidagi ilk jang sifatida kirgan. Ko‘plab siyosiy notalar va ogohlantirishlarga qaramasdan Vetnam qo‘shinlari Kambojaga bostirib kiradi. Xitoy zudlik bilan bunga munosabat bildiradi: chunki partiya boshqaruvida turgan yuqori lavozimli amaldorlar Xitoy chegarasida Vetnamdek kuchli davlat paydo bo‘lishini aslo hazm qila olishmas edi. Mustaqil ekspertlarning fikricha, 27 kunlik urush mobaynida har ikki tomondan jami 40 ming askar o‘ldirilgan. Harbiy harakatlar qanday g‘alati boshlangan bo‘lsa, shunday tugagan. Xitoy harbiy operatsiyalar davomida o‘z oldiga qo‘yilgan barcha vazifalarga erishganini ta'kidlagan. Vetnam esa dushmanning barcha hujumlariga samarali chap berilganini aytib o‘tgan. Xullas, hamma yutgan.

Mavlud urushi. 1985 yil

Yaqinida jang ro‘y bergan aholi punkti nomiga Agasher urushi deb ham ataluvchi qarama-qarshilik Mali va Burkina Faso o‘rtasida bo‘lib o‘tgan. Neft va gaz resurslariga boy hududni har ikki davlat egallab olishga harakat qilishgan, ularning har ikkisiga Agasher makoni Susambildek tuyulgan. Tajovuzkor ikki Afrika xalqining butunlay qirilib ketishidan Afrika birligi tashkilotining aralashuvigina qutqarib qolgan. Murosasiz qarama-qarshiliklarga BMTning yakuniy qarori nuqta qo‘ygan: Agasher hududi har ikki davlatga shunchaki teng bo‘lib berilgan.

 

Top