00:55 / 15.06.2017
6763

AQShda bir kun ichida ikkita otishma sodir etildi, qurbonlar bor

Foto: AP

AQShning San-Frantsisko shahrida sodir etilgan otishmada 4 kishi halok bo‘ldi. Bu haqda Reuters axborot agentligi xabar bermoqda. Bungacha 2 kishi halok bo‘lgani va bir necha kishi yaralangani ma'lum qilingan.

Mahalliy vaqt bilan 09:00da (Toshkent vaqti bilan 21:00da) bir kishi UPS pochta kompaniyasining binolaridan birida otishma boshlagan. OAV ma'lumotlariga ko‘ra, jinoyatchi kompaniya xodimi bo‘lgan. Voqea joyiga yetib kelgan politsiyachilar javob o‘t ochish bilan jinoyatchini yaralashgan. U shifoxonaga yetkazilgan. Hudud qurshab olingan, voqea joyida tergovchilar va kriminalistlar ish olib bormoqdalar.

Shuningdek, 14 iyunda Virjiniya shtatidagi Aleksandriya shahrida Jyeyms Xodgkinson ismli kimsa beysbol maydonchasida mashg‘ulot o‘tkazayotgan Respublikachilar partiyasidan bir guruh kongressmenlarni o‘qqa tutgan.

Bosqinchi ularga qarata 100 taga yaqin o‘q uzgan. Buning oqibatida 5 kishi, jumladan politsiyachi yaralangan. Politsiyachilarning javob o‘q uzishi bilan jinoyatchi yaralangan va shifoxonada joni uzilgan.

Top