04:19 / 15.06.2017
105433

Naqdlashtirish mashaqqatlari: Nega O‘zbekistonda so‘mni «naqdlashtirish» juda qiyin?

Pulni naqdlashtirib olish — O‘zbekistonda plastik karta egalarining asosiy muammolaridan biri sanaladi. Buni qonuniy yo‘l bilan amalga oshirishning amalda iloji yo‘q. Aholi esa ko‘p holatlarda naqdlashtirilayotgan pulning 10 foizini xizmat haqi sifatida ushlab qoluvchi «naqdlashtiruvchilar» xizmatidan foydalanishga majbur. Mablag‘larini naqdlashtirish masalasi biznes egalarining ham oldida turgan jiddiy masala hisoblanadi, ular ham «naqdlashtirish»ning turli sxemalaridan foydalanishga majburdirlar.

UZ24 mustaqil moliyaviy ekspert Aleksandr Davletovga murojaat qilib, mamlakatda naqd pul yetishmovchiligiga o‘z ta'siri ko‘rsatayotgan sabablarni sanab o‘tishni iltimos qildi.

Talab taklifdan ortiq

Jahonning nobozor va eng yopiq iqtisodiyotlarida ham bozor qonun-qoidalari baribir o‘z so‘zini aytadi. Bizning holatimizda naqd pulga bo‘lgan talab taklifdan karrasiga ko‘proqdir, shu sababli doimiy yetishmovchilik va tanqislikka guvoh bo‘lmoqdamiz. Tanqislik bor ekanki, naqd pulning chayqov qiymati hosil bo‘ladi va bu xalqona til bilan aytganda «foiz» hosil bo‘lishiga olib keladi va iste'molchilar o‘zlariga ko‘rsatiladigan xizmat uchun haq to‘lashga majbur bo‘lishadi.

Pul-kredit siyosati

Nolinchi yillarning o‘rtalaridan boshlab O‘zbekistonning pul-kredit hokimiyati inflyatsiyani bir maromda ushlab turish maqsadida pul massasining muomalaga chiqarilishini byurokratik usullarda qisqartirishga harakat qilib kelmoqda. Yopiq iqtisodiyot, masalan, Shimoliy Koreyada aylanmada naqd pulning ko‘payishi chindan ham inflyatsiyani harakatga keltiruvchi omil hisoblanadi. Biroq bozor munosabatlari yoki unga bosqichma-bosqich o‘tish sharoitlarida bu inflyatsiyaga doir muammolarning paydo bo‘lishiga sabab bo‘luvchi asosiy omil hisoblanmaydi.

Mustaqil ekspertlarning umumiy fikricha, 2000-yillardan boshlab inflyatsiyaning bosh sababi — monopoliyalar tarifining o‘sishi yoki xarajatlarning ortishi kabi nomonetar omillar hisoblanadi. Monetar omillar ham, albatta, inflyatsiyaga ta'sir ko‘rsatadi, biroq imtiyozli kreditlash va past nobozor foiz stavkalari (amalda — manfiy stavkalar) muomaladagi naqd pullardan ko‘ra kattaroq inflyatsion bosim yuzaga keltiradi. Naqd pullar hajmini sun'iy kamaytirish siyosatidan voz kechish va kelgusida uni adekvat darajagacha o‘stirish — bugungi iqtisodiy vaziyatda Markaziy bank yangi rahbariyati uchun kun tartibining o‘ta kritik masalasi hisoblanadi.

Yashirin iqtisodiyot

Yashirin iqtisodiyot — O‘zbekiston iqtisodiy tarixining eng ziddiyatli jihatlaridan biri hisoblanadi. Bizda hanuz u chuqur tahlil qilinmagan yoki uning ustida ilmiy izlanishlar olib borilmagan. Turli baholashlarga ko‘ra, yashirin iqtisodiyotning darajasi mamlakat yalpi ichki mahsulotning 30 foizidan 50 foiziga qadar hajmga teng. Bunday iqtisodiyot har doim naqd pulga talabni yaratadi va qoidaga ko‘ra, pullar «yashirinadi» va qaytmaydi. Boz ustiga, yashirin iqtisodiyot sharoitlarda o‘zaro hisob-kitoblar «qora naqd pul» deb ataluvchi usulda amalga oshiriladi. Xufyona iqtisodiyotning hajmi qanchalik katta bo‘lsa, naqd pulga bo‘lgan talab ham shunchalik yuqori bo‘ladi. Natijada, rasmiy iqtisodiyotda ham uning yetishmovchiligi boshlanadi.

Erkin konvertatsiyaning yo‘qligi

Konvertatsiyaga nisbatan joriy etilgan cheklovlar sabab alohida importchilar, ayniqsa, xalq iste'moli mollari olib kiradiganlar o‘zining xorijiy valyutaga bo‘lgan talabini turli yo‘llar bilan qoniqtirishga majbur bo‘lishadi. Naqd valyuta xarid qilish uchun ularga «qora» bozorda naqd so‘m kerak bo‘ladi, shu sababli aksariyat hollarda keng iste'mol mollari importchilarining tovar muomalasi tabiiy shakli quyidagi shartli formula bo‘yicha yuz beradi: «qora bozor»da naqd dollarni sotib olish — import mahsulotlarni naqd so‘mga sotish va yana naqd dollar xarid qilish.

Bunday sxema naqd so‘m aylanmasiga bosim o‘tkazadi uning bankdan tashqaridagi aylanmasini kengaytiradi va naqd pul taqchilligiga sabab bo‘ladi.

Soliqqa tortish

Qurilish, savdo va umumiy ovqatlanish kabi iqtisodiyotning mehnat sarfi katta bo‘lgan sohalarida oylik maoshlar ko‘p hollarda «konvert»da yoki «qo‘ldan» hech qanday shartnomaviy munosabatlarsiz to‘lanadi. Ish beruvchi xarajatlarni qisqartirish uchun hamma narsalarda iqtisod qilishni istaydi va birinchi navbatda — xodimlar to‘laydigan soliqdan. Ish beruvchi uchun «konvert»da beriladigan maoshlarning ustunligi o‘z-o‘zidan ravshan. U ijtimoiy badallar, yagona ijtimoiy to‘lov, daromad solig‘i, pensiya va boshqa ajratmalarda iqtisod qiladi. Masalan, ish beruvchi xodimiga «konvert»da 1 million so‘m to‘lasa, u turli soliqlarda 500 ming so‘m iqtisod qiladi. Shu sababli ularga mablag‘larni 8-10 foiz evaziga boshqa bir xarajatlar qismi ko‘rinishida naqdlashtirilib, 25 foiz YaIT, 23 foizgacha daromad solig‘i, 8 foiz pensiya jamg‘armasiga ajratma, 1 foiz individual to‘planib boruvchi pensiya jamg‘armasi, 1 foiz kasaba uyushmasiga badal to‘lash o‘rniga «qora» maoshni to‘lash afzal ko‘rinadi.

Iqtisodiyotning dollarlashtirilganligi (milliy valyutada jamg‘arma funksiyasining yo‘qligi)

Yuqori darajadagi inflyatsiya va cheklangan konvertatsiya tufayli ayni paytda milliy valyuta jamg‘arma funksiyasini qisman bajarmayapti. O‘zbekistonda ko‘chmas mulk yoki avto oldi-sotdi bitimlari ko‘pincha dollarda amalga oshiriladi. Turli tadbirlar, masalan, to‘y o‘tkazish uchun jamg‘armalar ham dollarda yig‘iladi. Ayrim hollarda esa dollar investitsiya kiritish variantlaridan biri bo‘lib xizmat qiladi. Jamg‘armani dollarga o‘tkazish faqat naqd so‘m ko‘rinishida amalga oshiriladi, axir plastik kartochkaga dollar xarid qilib bo‘lmaydi-da.

Bozorga oid bo‘lmagan xizmatlar

O‘zbekistonda kartadan naqd pul yechib olish unifikatsiyalangan tariflar tufayli barcha banklarda tekin xizmat sanaladi. Shu sababli birorta bank o‘z ixtiyori bilan naqd pul bermaydi. Pul borasida tekin xizmat ham bo‘ladimi axir? Xorijdagi istalgan bankda kartadan naqd pul yechish — pullik xizmat hisoblanadi va banklar foyda olish uchun uni jon deb barcha mijozlariga taqdim etadi. Inkassatsiya qiymati bizning banklarimizga kamida 3 foizga tushadi. Bularning barisida hali kassirlarga, pulni o‘rash kabi kassa chiqim materiallari va qo‘riqchilarga to‘lanadigan xarajatlar hisobga olinmagan.

Viloyatlarda inkassatsiya xizmati yanada qimmatroqqa tushadi (absolyut monopoliya ekanligi tufayli inkassatsiya xizmatining haddan ziyod qimmatligi — yana bitta muammo aslida). Qaysi bank shunday sharoitlarda o‘zining zarariga naqd pulni tekinga beradi? Ya'ni banklar kartadagi pulning naqdlashtirmayotganiga sabab — bu xizmatning ziyonli ekanligidadir. Banklarga kartadan naqd pul yechib olishga komissiyalarni erkin va cheklovlarsiz joriy etish imkoniyati taqdim etilmog‘i kerak.

Aleksandr Davletov,
moliyachi-ekspert

Muallif fikri tahririyat nuqtai nazarini ifodalamaydi.

Top