12:21 / 15.06.2017
20088
Toshkentda o‘zini prokuratura xodimi deb tanishtirgan tovlamachi ushlandi
Foto: Toshkent shahar IIBB

2017 yilning 13 iyun kuni taxminan soat 15:30 larda, Sunnatilla Shuhratovich Qobilov, tovlamachilik yo‘li bilan mulkiy manfaatdor bo‘lish maqsadida, Yashnobod tumani hududida joylashgan «Aviasozlar» dexqon bozorida bo‘la turib, o‘zini prokuratura xodimi deb tanishtirib, jabrlanuvchini mulkiy manfaatlar berishga majbur qiladigan sharoitga solib qo‘yib, fuqaro Shermatov Hasandan (jabrlanuvchining anketa ma'lumotlari o‘zgartirilgan) bir necha marotaba turli miqdordagi chet el valyutasini olib kelgan. Bu haqda poytaxt IIBB xabar berdi.

Toshkent shahar IIBB xodimlari tomonidan o‘tkazilgan tezkor tadbir davomida Qobilov jabrlanuvchidan navbatdagi 200 AQSh dollari miqdordagi pul mablag‘larni Yakkasaroy tumani hududida olayotgan vaqtida ushlangan. 

Mazkur holat yuzasidan, Toshkent shahar IIBB huzuridagi Tergov boshqarmasi tomonidan O‘zbekiston Respublikasi JKning 165-moddasi 1-qismi (tovlamachilik, ya'ni o‘zgadan mulkni berishni talab qilish, jabrlanuvchini o‘z mulkini berishga majbur qiladigan sharoitga solib qo‘yish) alomatlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. 

Qobilovga nisbatan qamoqqa olish tarzidagi ehtiyot chorasi qo‘llanilgan. Hozirda dastlabki tergov harakatlari davom ettirilib, uning boshqa jinoyatlarga aloqadorligi tekshirilmoqda.

Yuqoridagi shaxsning xatti-harakatidan jabr ko‘rganlar bo‘lsa, «102» telefon raqamiga yoki yaqin atrofdagi ichki ishlar organlariga murojaat etishlari mumkin.

Top