07:30 / 15.06.2017
9028

Ukraina Donbassdagi harbiy operatsiya shaklini o‘zgartirmoqchi

Ukrainaning Donbassida "aksilterrorchilik operatsiyasi" tartibidan yangi shakldagi harbiy operatsiyaga o‘tishga imkon beruvchi qonun loyihasi keyingi haftada Ukraina oliy radasiga ko‘rib chiqish uchun kiritiladi. Bu haqda "Milliy front" deputatlik fraksiyasi raisi o‘rinbosari Andrey Teteruk ma'lum qildi.

Avvalroq Ukraina milliy xavfsizligi kengashi kotibi Aleksandr Turchinov "aksilterrorchilik operatsiyasi"ni yakunlab, mamlakatni "Rossiya bilan gibrid kurash"dan himoyalovchi yangi shakldagi harbiy operatsiyaga o‘tish kerakligini aytgandi. Rossiya Ukraina ichidagi mojaro tomoni hisoblanmasligi, ayirmachilarni qo‘llab-quvvatlamasligi va Donbassga qo‘shin yubormayotganini aytib keladi. Ukraina prezidenti Pyotr Poroshenko Donbassni reintegratsiya qilish qonuni qabul qilinmagungacha "aksilterrorchilik operatsiyasining bekor qilinishi"ga qarshi chiqmoqda. Bu qonunda ukrainalik harbiylar harakatlarining huquqiy tartibi bayon qilinadi.  

"Keyingi haftada oliy radaga aksilterrorchilik operatsiyasini yakunlab, qurolli kuchlarimizni qo‘llashning yangi bosqichini boshlashga imkon beruvchi qonun loyihasi kiritiladi. Men tafsilotlarni oshkor qilolmayman, keling keyingi haftani kutib turaylik. O‘shanda biz yakuniy tasdiqlangan qonun matniga izoh bera olamiz", deb aytgan Teteruk.

Uning aytishicha, mutaxassislar guruhi bu qonun loyihasi ustidagi ishlarni yakunlamoqda.

"Aksilterrorchilik operatsiyasi aksilterrorchilik markazimiz tomondan terrorchilikka qarshi kurash haqidagi qonunga ko‘ra harakat qiladi va Ukraina xavfsizlik xizmati vakillari tomondan boshqariladi. Bizda bugun aksilterrorchilik operatsiyasi doirasida hal qilinmaydigan mutlaq boshqa vazifalar va tahdidlar mavjud. Shu bilan bog‘liq holda qurolli kuchlarimizni qo‘llash imkoniyatlari kengaytiriladi. Tezkor shtab harbiy bo‘linmalarimizni o‘z ichiga oladi, shuningdek harbiy ixtilof hududidagi barcha harakatlarimiz aniq va bosqichma-bosqich bajarilishi uchun bu yerga harbiy-fuqarolik ma'muriyatimiz integratsiya qilinadi", deb qo‘shimcha qildi Teteruk. 

Uning aytishicha, aksilterrorchilik operatsiyasi o‘z zimmasiga yuklangan vazifalarni bajardi – Lugansk va Donetsk viloyatlarining bir qismida vaziyatni barqarorlashtirdi va Ukrainada saylovlar o‘tkazishga imkon berdi.

Top